Seminarda ilmiy mutaxassislar va davlat organi mutaxassislari ishtirok etishdi. Xususan, Adliya vazirligi masʼul xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor oʻqituvchilari, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi mutaxassislari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va Davlat soliq qoʻmitasi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqib, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
Soʻz boshida Ishchi guruh rahbari mazkur Davlat dasturida belgilangan vazifalar hamda vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumot bilan seminar ishtirokchilarini tanishtirib chiqdi.
Tadbirkorlik kodeksi loyihasining asosiy yoʻnalishlari seminarning asosiy mavzularidan biri boʻldi. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universitetining professor oʻqituvchilari tomonidan fuqarolik va tadbirkorlik huquqlarining maqsad va vazifalari, ularning bir-biriga oʻxshash va farqli jihatlari, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish zaruriyati masalalarida toʻxtalib, Kodeks loyihasining asosiy yoʻnalishlari borasida oʻzlarining takliflarini keltirib oʻtdi.
Bunda professor oʻqituvchilar tomonidan Kodeks loyihasida koʻrsatilishi lozim boʻlgan tadbirkorlarning huquq ustuvorligi, minimal tartibga solish, erkin raqobat, erkin nutq kabi prinsiplarni kiritish takliflari bildirildi, deya xabar beradi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.
Bundan tashqari, Seminarda baxs va munozaralarda ijtimoiy tadbirkorlik, innovatsion tadbirkorlik, investitsiya munosabatlari, tadbirkorlikni moliyalashtirish kabi masalalarga eʼtibor qaratish lozimligi, shuningdek, tadbirkorlik va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda Konstitutsiyaviy sud, Biznes-ombudsman va boshqa davlat organlarining vakolatlari toʻgʻrisidagi masalalarga toʻxtalib oʻtildi.
Adliya vazirligi Kodeks loyihasini ishlab chiqish jarayonlariga tadbirkorlik subyektlari, sohaning ilmiy vakillari, soha boʻyicha mutaxassis, ekspertlar va boshqalarni faol qatnashishga chorlaydi.