Adliya vazirligi tashabbusi bilan mahallalarda yoshlar uchun kutubxonalar tashkil qilinmoqda

    Yangiyer shahridagi “Navroʻzobod” mahallasida kutubxona tashkil etilib, 500 dan ortiq kitoblar, zamonaviy va qulay mebel jihozlari, kitob javonlari, kompyuter jamlanmalari taqdim etildi.

    Bugun, 9-fevral kuni Alisher Navoiyning 583-yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi yana bir maʼrifiy tashabbusni boshlab berdi.

    Vazirlik tomonidan respublika boʻyicha tuman va shaharlardagi 4-sektorda joylashgan mahallalarda yoshlar uchun kutubxonalar tashkil etish loyihasiga start berildi.

    Loyihadan koʻzlangan maqsad mamlakatimizda yoshlar orasida kitobxonlikni keng targʻib qilish, ularda kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishni orttirish va intellektual salohiyatini oshirishga boʻlgan intilishni qoʻllab-quvvatlashdir.

    Aksiya doirasida Prezident asarlari, oʻzbek adabiyoti durdonalari, jahon adabiyoti, huquqiy va bolalar adabiyotiga oid 100 turdan ortiq kitob toʻplamlari mahallalarga yuborildi. Tizimdagi rahbar va xodimlar ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatladilar.

    Xususan, adliya vaziri Akbar Toshqulov Sirdaryo viloyatiga xizmat safari davomida Yangiyer shahridagi “Navroʻzobod” mahallasida kutubxona ochilishi tadbirida ishtirok etib, Adliya vazirligi jamoasi nomidan “ziyo_ulash” chellenji doirasida mahallaga 500 dan ortiq kitoblar sovgʻa qilindi. Tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etdi.

    Kutubxonada aholi, ayniqsa, yoshlar boʻsh vaqtini unumli oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Kitoblar bilan birga zamonaviy va qulay mebel jihozlari, kitob javonlari, kompyuter jamlanmalari taqdim etildi.

    Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun vazirlik tomonidan elektron kutubxona ham sovgʻa qilindi. Unda barcha kitoblarning elektron va audio shakllari jamlangan.

    Ushbu loyiha doirasidagi ishlar boshqa hududlarda ham davom ettiriladi.

    Adliya organlari va muassasalari xodimlari yangi anʼanani boshlab berdi, uni xohlagan kishi davom ettirishi mumkin. Siz ham mahallangizga ziyo ulashib, kutubxonalar tashkil qilishda oʻz hissangizni qoʻshishingiz mumkin.