ZOOM platformasi orqali videokonferents aloqa shaklida o'tkazilgan tadbirda Adliya hamda Oliy va o'rta-maxsus ta'lim vazirliklari mas'ul xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpog'iston, Samarqand, Namangan, Termiz universitetlari rektorlari, yuridik fakultetlari dekanlari va professor-o'qituvchilari ishtirok etdi.

Anjuman avvalida TDYUU rektori Rahimjon Xakimov so'z olib, Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O'zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga ko'ra Toshkent davlat yuridik universiteti “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo'yicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo'yicha bazaviy oliy ta'lim va ilmiy-metodik muassasasi etib belgilanganini qayd etib, bu borada universitet tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda ishtirokchilarga yuridik fakultetlarning o'quv reja va fan dasturlari hamda adabiyotlar bilan ta'minlanganlik holati tahlili hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassalarida ta'lim jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to'g'risida”gi nizomning mazmun-mohiyati haqida ham ma'lumot berib o'tildi.

Anjuman davomida shu va boshqa muammolarni bartaraf etish, fakultetlar faoliyatini takomillashtirish, ular o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasida qator takliflar bildirildi.

Xususan, TDYUUda fakultetlarning rahbariyati va professor o'qituvchilari uchun maxsus o'quv kurslarini tashkil etish, maqsadli magistratura dasturini yo'lga qo'yish, shu vaqtgacha amalda bo'lgan qator hujjatlarni kredit-modul tizimiga mos ravishda qayta ko'rib chiqish, yuridik fakultetlarda saboq berayotgan pedagoglar salohiyatini va bilimini baholash va malakasini oshirish bo'yicha maxsus ekspertlar guruhini shakllantirish, yangi avlod darsliklari, adabiyotlari va o'quv qo'llanmalari bilan ta'minlash, yuridik fakultetlar talabalarining masofaviy ta'lim platformasidan foydalanish imkoniyatini yaratish va TDYUU professor-o'qituvchilarining ushbu fakultetlarda dars olib borishini ta'minlash masalalari muhokama qilindi.

YAkunda Adliya vazirligi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirliklari o'rtasida yuridik fakultetlar faoliyatini yanada takomillashtirish va rivojlantirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

 

Adliya vazirligi

jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi