Vazirlik tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad – mamlakatda amalga oshirilgan demokratik islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash borasida Adliya vazirligi oʻrnini hamda istiqbolli maqsadlarni, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish borasidagi ishlarni muhokama qilishdan iborat.Konferensiya davomida mustaqillikning ilk davrlaridan milliy qonunchilik tizimini shakllantirishda vazirlikning alohida oʻrni, bugungi kunga kelib norma ijodkorligi jarayoniga joriy etilgan raqamli texnologiyalar, xususan, project.gov.uz, regulation.gov.uz, e-qaror.gov.uz kabi elektron tizimlar haqida taʼkidlandi.

FHDYO arxivlarida saqlanayotgan qogʻoz shaklidagi 60 mln.ga yaqin arxiv maʼlumotlari toʻliq raqamlashtirilgani natijasida yiliga aholining 3,2 mlrd. soʻm mablagʻi tejalmoqda. Adliya vazirligining yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirishdagi roli Hukumat vakili tomonidan eʼtirof etilib, bu boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, konferensiyada xalqaro tashkilot vakillari, xususan, BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, “Regional dialog” xalqaro nodavlat tashkiloti direktori Myusha Sever hamda GIZning “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikni qoʻllab-quvvatlash” dasturi direktori Yorg Pudelka oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etib, faoliyatida vazirlik bilan yaqindan aloqalar yoʻlga qoʻyilganligi hamda sud-huquq tizimida kelgusida amalga oshiriladigan islohotlarda ham doimiy hamkorlik qilishlarini bildirishdi.

Korrursiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi tomonidan vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati bugungi kun talablariga mosligi qayd etilib, vazirlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro sertifikatiga ega boʻlish tizimda korrupsiya xavf-xatarlari minimal darajaga yetkazilganidan dalolat deb baholandi.

Konferensiyada vazirlik itiqbolda, xususan, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi 5 mingga yaqin qonunchilik hujjatlarini tizimlashtiruvchi Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilishi aytib oʻtildi.

Shu oʻrinda kelgusida advokatura sohasidagi cheklovlarni bekor qilish va ularning dahlsizligini taʼminlash orqali fuqarolarga malakali huquqiy xizmat koʻrsatish sifati va taklifi oshirilishiga erishish haqida soʻz yuritildi.

Oʻzbekiston adliya tizimi oʻzini isloh qilishda va dunyoga ochiq boʻlishda davom etishi yana bir bor taʼkidlandi, deb xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.