AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot dasturining “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi yoʻlida hamkorlik” qoʻshma loyihasi koʻmagida tashkil etilgan ushbu tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov, Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov, AQSH elchisi oʻrinbosari Alan Melser va boshqa davlat organlari xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi oʻzaro amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash maqsadida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu tanlovda ishtirok etish uchun 5 ta nominatsiya boʻyicha 1 200 ga yaqin jurnalistik material orasidan tanlov shartlariga muvofiq keladigan 750 ta ijodiy ish saralab olindi. Binobarin, 5 ta nominatsiya boʻyicha 15 nafar ijodkorning ijodiy ishi mukofotga loyiq, deb topildi. Jumladan, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi tahririyati gazetada yoritilayotgan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatiga oid turkum maqolalar uchun maxsus sovrin bilan taqdirlandi.

Tanlov taqdimotini kirish soʻzi bilan ochgan Oliy sud raisi K.Komilov eʼtirof etganidek, ommaviy axborot vositalari bilan mustahkam hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida sud-huquq tizimida qatʼiyat bilan olib borilayotgan tarixiy yangilanish va oʻzgarishlar mazmun-mohiyatidan keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, sudlar faoliyatida ochiq-oshkoralik, qonuniylik va shaffoflikni taʼminlash, xalqimizning sudlarga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, Oliy sud raisi sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalarining oʻzaro amaliy hamkorligi oʻta muhim ahamiyaga ega ekani, Oliy sud rahbariyati tomonidan Ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash, jurnalistlarga xolis va haqqoniy axborot olishlari uchun qulayliklar yaratish maqsadida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ham qayd etib oʻtildi. Xususan, Oliy sud Plenumi tomonidan qabul qilingan “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qaror ham shu maqsadga xizmat qilmoqda.

Tadbir doirasida Oliy sud muassisligida chop etilayotgan huquqiy, ilmiy-amaliy nashr — “Odil sudlov” — “Pravosudiye” jurnali tashkil etilganining 25 yilligi ham munosib nishonlandi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri