Maʼlumotlarga koʻra, u tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi ish yurituvida boʻlgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan, hozirda Xovos tumanidagi 8-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan fuqaroni Sirdaryo tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasiga oʻtkazish va keyinchalik ishni sudda uning foydasiga hal qilish evaziga 5 500 AQSH dollari talab qilganligi aytilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda advokat 4 500 AQSH dollari hamda 6 million soʻmni qabul qilib olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Taʼkidlanishicha, u mazkur jinoyat ishida gumonlanuvchining huquqlarini himoya qilish maqsadida davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish uchun jalb qilingan boʻlgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.