Muzokarada Oʻzbekistonda aeroport xizmatlari bozorini rivojlantirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xususan, ushbu yoʻnalishda ilgʻor Malayziya tajribasini respublikada joriy etish masalalari muhokama etildi.
“Uzbekistan Airports” AJ boshqaruv raisi birinchi oʻrinbosari Javlon Umarxodjayev mamlakat aeroportlarini rivojlantirish strategiyasi hamda DXSH asosida Buxoro xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruv jarayoniga xususiy sherikni jalb etish mexanizmi toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazdi.
Shuningdek, mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasi sohasi korxonalarini jahon aviatashuvlari bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash uchun ushbu sohadagi transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, aviatsiya xizmatlarini diversifikatsiya qilish orqali koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va narxi boʻyicha aholiga maqbul sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Malayziya Fuqaro aviatsiyasi Boshqarma boshligʻi Sh. Abdul Jamil mamlakatimizda yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholar ekan, “Malaysia Airports Holdings Berhad” kompaniyasi oʻzbekistonlik hamkorlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Malayziya kompaniyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish hamda DXSH tamoyillariga muvofiq modernizatsiya va boshqarish uchun taklif etilayotgan aeroportlarning mavjud infratuzilmasi bilan tanishish boʻyicha qoʻshimcha muzokaralar oʻtkazish yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.