Shu munosabat bilan Uzbekistan Airports aeroportlar yaqinida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish zarurligini eslatdi.
Varraklar balandlikka koʻtarilib, samolyotlarning uchish va qoʻnish yoʻlaklariga tushib qolishi ehtimoli bor. Bu esa havo kemalari bilan toʻqnashuv, texnikaga shikast yetishi va favqulodda holatlar kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Shuningdek, mustahkam yoki kuchaytirilgan iplar samolyot uskunalariga zarar yetkazishi yoki dvigatelga tushib qolishi xavfini keltirib chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 17-moddasiga muvofiq, parvozlar xavfsizligiga tahdid soladigan faoliyat turlariga aeroport va uning atrofida varrak uchirish ham kiradi.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 116²-moddasiga koʻra, havo hududidan ruxsatsiz foydalanish BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha qamoq jazosiga sabab boʻlishi mumkin. Agar bu holat aviatsiya hodisasiga sabab boʻlsa, jinoiy javobgarlik ham kelib chiqishi ehtimoli bor.
Poytaxt aholisi va mehmonlaridan belgilangan cheklovlarga rioya qilishlari, varrak uchirish uchun aeroportdan uzoq, xavfsiz hududlarni tanlashlari soʻraladi. Oddiy qoidalarga amal qilish — har bir insonning parvozlar xavfsizligi va yoʻlovchilar xotirjamligiga qoʻshgan muhim hissasidir.