Sessiya kun tartibidan AEXAning texnik hamkorlik sohasidagi faoliyatini koʻrib chiqish va 2024-2025-yillarga moʻljallangan yangi texnik hamkorlik dasturini tasdiqlash masalalari oʻrin oldi.
AEXA Boshqaruvchilar kengashi texnik hamkorlik dasturini tasdiqladi, unga koʻra, Oʻzbekistonning beshta yangi milliy loyihasi yangi siklda amalga oshiriladi. Ulardan uchta loyiha yaratilayotgan atom sanoati infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha milliy salohiyatni oshirish (“Oʻzatom” agentligi), atom energetikasini samarali tartibga solish va nazorat qilish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy bazani mustahkamlash (“Oʻzsanoatkontexnazorat”), shuningdek, yadroviy xavfsizlik, Oʻzbekiston tadqiqot yadro reaktorining foydalanish koʻrsatkichlarini oshirish va samarali foydalanishga (Fanlar akademiyasi) qaratilgan.
Toʻrtinchi loyiha Suv resurslari va barqaror izotoplardan foydalangan holda ifloslanish manbalarini monitoring qilish uchun barqaror izotop laboratoriyasini tashkil etishni nazarda tutadi. Loyiha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
“Saratonni davolashda radiatsiyaviy tibbiyotni kengaytirish va mustahkamlash” deb nomlangan beshinchi loyiha Oʻzbekistonda ilgʻor va yuqori sifatli nur terapiyasi, diagnostik radiologiya va boshqa yadro tibbiyoti texnologiyalarini joriy etish orqali saraton kasalligidan oʻlim darajasini kamaytirishni nazarda tutadi. Loyiha tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, saratonning turli turlarini tashxislash va davolash boʻyicha milliy tavsiyalarni ishlab chiqish, tibbiyot xodimlarini keng qamrovli tayyorlashni nazarda tutadi.
AEXA Boshqaruvchilar kengashi aʼzolari Oʻzbekiston doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimovning nutqini tingladilar, respublikaning Agentlik va Texnik kooperatsiya departamenti bilan ijobiy hamkorligi qayd etildi. Ular Agentlik va Texnik kooperatsiya departamentiga mamlakat yadro sanoatini rivojlantirish uchun minnatdorlik bildirishdi. Shuningdek, AEXAning yadroviy texnologiyalardan tinch maqsadlarda foydalanishga qaratilgan yangi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish tasdiqlandi.