Afgʻoniston 67 ta sisternadagi mahsulot uchun yuz foiz haq toʻlagan — “Oʻzbekneftgaz”

    Sanoat 7 Avgust 2023 1542

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Afgʻoniston hukumati neft sifati pastligi sababli 67 ta sisternadagi neftni Oʻzbekistonga qaytarib yuborgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

    Joriy yil 17-may kuni “Uzbekistan GTL” MCHJ va Turkiya kompaniyasi oʻrtasida sintetik dizel komponentini eksportga sotish boʻyicha offteyk shartnomasi imzolangan.

    24-26-iyun kunlari xaridor talabnomasiga asosan, “Uzbekistan GTL” MCHJ tomonidan jami 3,4 ming tonna (67 ta vagon) mahsulot Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi “Kengsoy” stansiyasidan eksport qilish uchun xaridorga topshirilgan.

    Maʼlumot oʻrnida “Uzbekistan GTL” MCHJ zavodining dizel yonilgʻisi uchun sintetik komponent EN 15940 Yevropa standartiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina Oʻzbekistonda “OʻzDSt 3134-2017” davlat standarti asosida ishlab chiqariladi. Hozircha Afgʻonistonda bu standart joriy qilinmagan.

    Mahsulotni eksport qilish jarayonida sintetik dizel va uning komponenti Afgʻonistonning ANSA (Afgʻoniston standart agentligi) tashkilotida roʻyxatdan oʻtmaganligi haqida xaridorga ham maʼlum qilingan. Xaridor tomonidan mahsulot komponent sifatida anʼanaviy dizel bilan kompaundlashtirilgan holda Afgʻoniston bozoriga olib kirilishi rejalashtirilgani bildirilgan.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ shuni maʼlum qiladiki, xaridorga topshirilgan 3,4 ming tonna (67 ta vagon) sifatli mahsulot uchun toʻlov 100 foiz amalga oshirilgan, Afgʻoniston hukumati tomonidan “Uzbekistan GTL” MCHJga sifatsiz mahsulot sifatida qaytarilmagan. Shartnoma shartlariga asosan xaridor mahsulotni qaysi davlatga olib borib qanday usulda sotishini oʻzi belgilaydi.

    Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar doimiy va tizimli ravishda xalqaro va milliy standartlarga muvofiqlashtirib boriladi.