Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yiliga 300 dona shunday texnika ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Seyalka ochiq maydonlarda hamda plyonka ostida ekish uchun moʻljallangan ikki xil variantda ishlab chiqariladi.
Yangi texnikaning asosiy xususiyati — gʻoʻzapoyani maydalash va gʻalla ekish ishlarini bir vaqtning oʻzida bajarish imkoniyatidir. Bunda maydalanagan oʻsimlik qoldiqlari dalaga bir tekis sochib ketiladi.
Bu usul tuproq eroziyasining oldini olish, namlikni saqlash, yerga qoʻshimcha ishlov berish zaruratini kamaytirish va texnika sarfini qisqartirish imkonini beradi.
Seyalkaning maxsus konstruktsiyasi urugʻni qator boʻylab bir tekis taqsimlab, belgilangan chuqurlikka joylashtirishga xizmat qiladi. Bu urugʻlarning bir maromda unib chiqishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Mazkur texnika Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Jizzax viloyatiga ishchi safari doirasida Mirzachoʻl tumanida taqdim etildi. Taqdimotda vazir bilan birga viloyat hokimi Ulugʻbek Mustafoev ham ishtirok etdi.
Tadbirda texnikani yanada takomillashtirish, amaliyotda sinovdan oʻtkazish va ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Yangi seyalkani ishlab chiqarish tashabbusi mahalliy muhandislik va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish, resurs tejamkor texnologiyalarni qishloq xoʻjaligiga keng joriy etishga qaratilgan.
Texnikaning amaliyotga keng tatbiq etilishi resurslarni tejash, tuproq unumdorligini saqlash va qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.