XXR ommaviy axborot vositalari mazkur konferensiya 2018-yil 27-martda Oʻzbekiston poytaxtida boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik”, shuningdek, 2021-yil 15 – 16-iyul kunlari boʻlib oʻtgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning mantiqiy davomi boʻlganini alohida taʼkidlagan.

Ular tomonidan alohida qayd etilganidek, joriy yil 11-iyulda Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ishlab chiqilgan Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi rezolyutsiyaning bir ovozdan qabul qilingani Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishiga hamda uning mintaqaviy iqtisodiy tizimga integratsiyalashuviga muhim hissa qoʻshadi.

Xitoy nashrlarining yozishicha, konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad jahon hamjamiyatining Afgʻonistonga nisbatan umumiy yondashuvlarini ishlab chiqish, jumladan, uning yangi hokimiyati bilan muloqot oʻrnatish, afgʻon xalqiga mamlakatning nizodan keyingi rivojlanishi, mustaqil va barqaror davlat qurishiga koʻmaklashishdan iborat.

Prezident Shavkat Mirziyoyev konferensiya ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida Afgʻoniston hukumatini jahon hamjamiyatining asosiy talablariga rioya qilishga, terrorizmning barcha koʻrinishlariga samarali qarshi kurashish boʻyicha birgalikda qatʼiy choralar koʻrishga daʼvat etdi.

“Bunday yondashuv Muvaqqat hukumatga boʻlgan ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afgʻoniston uchun yon-atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish boʻyicha aniq istiqbollar ochadi”, deya Oʻzbekiston rahbari murojaatidan iqtibos keltiradi Xitoy OAV.

Afgʻoniston tomonidan vakil sifatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaki ishtirok etgani maʼlum qilinar ekan, u “afgʻon zaminida tinchlik oʻrnatilishi nafaqat Afgʻonistonni, balki mintaqa va xalqaro hamjamiyat xavfsizligini taʼminlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanishini” taʼkidlagani ham xitoylik oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilingan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.