Afgʻoniston hududi boʻylab xalqaro yuk tashuvlarida oʻzbek milliy tashuvchilariga oʻrnatilgan cheklov bekor qilindi

    Transport 29 Dekabr 2023 781

    2024-yildan boshlab tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlarida undiriladigan yigʻim va toʻlovlarni paritet asosida oʻrnatish boʻyicha aniq maqsadlar belgilab olindi.

    26-dekabr kuni Transport vaziri Ilhom Maxkamov Afgʻoniston transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri vazifasini bajaruvchi Hamidullo Oxunzoda boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazgan edi.

    Uchrashuvda tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida,

    - avtomobil tashuvlarida undiriladigan yigʻim va toʻlovlarni paritet asosida undirilishini taʼminlash;

    - Afgʻoniston hududi orqali tranzit hamda ikki tomonlama tashuvlarni rivojlantirish;

    - temir yoʻl tashuvlaridagi tarif stavkalariga imtiyozlar taqdim etish;

    - “Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” temir yoʻl qurilishi loyihasini jadallashtirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama etishdi.

    Transport vaziri Ilhom Mahkamov Afgʻoniston transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri vazifasini bajaruvchi Hamidullo Oxunzoda boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan oʻtkazgan uchrashuv yakunlari boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi.

    Xususan, oʻzbek milliy tashuvchilari uchun tranzit va Afgʻonistonning boshqa hududlariga tashuvlar jarayonida oʻrnatilgan cheklov bekor qilindi.

    Shuningdek, 2024-yildan boshlab tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlarida undiriladigan yigʻim va toʻlovlarni paritet asosida oʻrnatish boʻyicha aniq maqsadlar belgilab olindi.