Uchrashuv davomida Afgʻoniston delegatsiyasining 2021-yil oktyabr oyida Termiz shahrida boʻlib turganida chegaralar xavfsizligi, investitsiyalar, savdo, energetika, xalqaro yuk tashish va tranzit, taʼlim va gumanitar sohalardagi hamkorlik yoʻnalishlarida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi koʻrib chiqildi.
Xususan, oʻzaro savdo hajmini oshirish, savdo va transport toʻsiqlarini bartaraf etish boʻyicha birinchi darajali vazifalar koʻrib chiqildi. Shu nuqtayi nazardan, oʻz hududida logistika markazi, ishlab chiqarish va saqlash obyektlari, mahsulotlarni sotish punktlari va zarur infratuzilmani birlashtirgan “Termiz” xalqaro savdo markazining imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilindi.
Afgʻon tomoni Oʻzbekistonning Afgʻonistonda mintaqa davlatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan qoʻshma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Xususan, Afgʻoniston hududi orqali oʻtib ketayotgan transport vositalari va yuklarning harakatlanishi uchun oʻzaro maqbul sharoitlarni ishlab chiqish, muqobil transport yoʻnalishlarini joriy etish hisobiga mamlakatning tranzit imkoniyatlarini oshirish boʻyicha birgalikda ish olib borishga kelishib olindi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarning turli yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlik qilish yoʻllari muhokama qilinib, ustuvor sohalarda mavjud masalalarni hal qilish boʻyicha birinchi darajali vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida Afgʻoniston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish va mustahkamlashga qaratilgan faol hamkorlikni davom ettirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.