“Afgʻoniston: Xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi oʻz ishini boshladi

    Xalqaro hamkorlik 26 Iyul 2022 1921

    Bugun 26-iyul kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Afgʻoniston: Xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusida xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi. Tadbirni Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov ochib berdi.

    Nufuzli tadbirda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, Amerika, Yaqin va Oʻrta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqalarining Afgʻonistonda barqarorlikni tiklashga bevosita jalb etilgan 20 dan ortiq davlatning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari, oʻnlab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT, Yevropa Ittifoqi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Afgʻoniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

    Anjumanda Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklash, afgʻon xalqining hozirgi va kelgusi avlodlari uchun uzoq kutilgan tinch hayotni taʼminlashga qaratilgan infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish va boshqa bir qator dolzarb masalalar koʻrib chiqiladi.

    Shuningdek, xalqaro konferensiya doirasida qoʻshni Afgʻonistonda iqtisodiy barqarorlikni tiklashga qaratilgan gumanitar va infratuzilma loyihalar taqdimoti ham boʻlib oʻtadi.

    Anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatini Tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov oʻqib eshittirdi.

    Shundan soʻng Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Gutterishning konferensiya ishtirokchilariga tabrigini oʻqib eshittirdi.