Afgʻonistonlik investorlar Guliston tumanida 5 mln dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

    Xalqaro hamkorlik 27 May 2025 937

    Ular koʻp qavatli uy-joylar qurilishi hamda ichimlik suvini qadoqlash sexlarini tashkil etish boʻyicha aniq takliflar bilan chiqishdi.

    Afgʻonistonlik investorlar — Mirzad Mir Ahmad Zaheen va Mir Nasir Ahmad Mirzad Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida umumiy qiymati 5 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida.

    Dastlabki kelishuvlarga koʻra, investorlar tumandagi koʻp qavatli uy-joylarga ulushdor sifatida kirish va kichik sanoat zonasidan 0,96 gektar yer maydonini auksion orqali xarid qilib, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarish sexini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Buning uchun zarur uskunalar xorijdan olib kelinadi.

    Mazkur loyihalar Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Joʻrayev va investorlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda muhokama qilindi. Uchrashuv ochiq va samimiy ruhda oʻtib, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa, investitsiya sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalariga bagʻishlandi.

    Investorlarga A.Yassaviy mahallasidagi koʻp qavatli uy-joy qurilishi uchun moʻljallangan yer maydonlari hamda Ahillik mahallasidagi kichik sanoat zonasi faoliyati tanishtirildi. Sanoat zonasidagi imkoniyatlar, ishlab chiqarish qulayliklari va yaratilgan sharoitlar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

    Shuningdek, afgʻonistonlik mehmonlar tumanning turizm salohiyatini oʻrganishga ham katta qiziqish bildirdi va bu yoʻnalishda qator loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanliklarini maʼlum qilishdi.