Nashrda Afgʻoniston hech kim va hech bir guruh mamlakat hududidan boshqa davlatga qarshi foydalana olmaydi deya dunyo va mintaqa davlatlarini doimo ishontirib kelayotgani qayd etilgan. Shuningdek, Afgʻoniston boshqa davlatlar bilan munosabatlarni oʻrnatish boʻyicha oʻzining tashqi siyosatida betaraflik va iqtisodiy hamkorlikka yoʻnaltirilgan tamoyilga asoslanadi.
Afgʻoniston gazetasida bosilgan maqolada, shuningdek, iqtisodiy sohada ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga chiqqani maʼlum qilingan. Tomonlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning soʻnggi bir yil va oxirgi bir necha oy davomidagi holatining tahlili Oʻzbekiston tomonining Afgʻoniston bilan aloqlarni yanada rivojlantirishga intilayotganidan dalolat beradi. Yaʼni, ikki tomon oʻrtasida iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda va chegara zonasida mushtarak bozor yaratish boʻyicha saʼy-harakatlar davom ettirilmoqda.
“Oʻtgan haftada Islomobodda uch davlatning yuqori darajali temir yoʻl sohasi rasmiylari ishtirokida Pokiston, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida temir yoʻl liniyasi qurish boʻyicha uch tomonlama shartnoma imzolandi, — taʼkidlanadi nashrda. — Transafgʻon tranzit yoʻlagi boʻyicha qoʻshma Protokol ham imzolandi. Ushbu bu temir yoʻl liniyasi Oʻzbekistonning Termiz shahridan boshlanib, Afgʻonistonning Balx, Logar va Paktiya viloyatlari orqali oʻtadi hamda Pokistonning Xarlachi chegarasidan Kurram aholi punktiga kirib boradi”.
Maqolada Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining oʻsishi tomonlar oʻrtasida tarixan mavjud yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari asosida qurili, bu holat eng avvalo Afgʻonistonning iqtisodiy zaruratiga yoʻnaltirilgani alohida urgʻulangan.
“Oʻzbekiston bilan savdo aylanmasi va Afgʻonistondagi infratuzilma loyihalariga investitsiyalar hajmi ham oshib bormoqda. Shuningdek, ikki tomondan tranzit yuk tashishni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yaqin kelajakda oʻzaro manfaatli hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirilyapti”, — deb yozadi “The Kabul Times”.