“Gretsiya – Oʻzbekiston” doʻstlik jamiyati va “Grek-Yevroosiyo alyansi” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda taniqli turoperatorlar, rasmiy, ilmiy–akademik va ishbilarmon doiralar, OAV, jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Oʻzbekiston sayyohlik industriyasining zamonaviy rivojlanishi, boy tarixiy-madaniy merosi va koʻhna meʼmorchiligiga doir atroflicha maʼlumotlar tadbir ishtirokchilarining eʼtiboriga havola qilindi. Shu oʻrinda jahonga dongʻi ketgan, koʻp sonli yodgorliklar va oʻziga xos madaniyati bilan shuhrat qozongan Samarqand viloyatining sayyohlik imkoniyatlari toʻgʻrisida atroflicha fikr yuritildi. Taʼkidlanganidek, YUNESKO Butunjahon nomoddiy madaniy merosi qadamjolari roʻyxatiga kirgan mashhur madaniy obyektlar aynan shu yerda qaror topgan.
Shu bilan birga, taqdimot chogʻida Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Ijroiya qoʻmitasiga hamda tashkilotchi mamlakat sifatida tashkilotning 25-assambleyasiga Oʻzbekiston nomzodi ilgari surilayotgani ham qayd etildi.
“Gretsiya-Oʻzbekiston” doʻstlik jamiyati raisi Dimitros Bakolas tadbir ishtirokchilari oldida soʻzga chiqib, mamlakatimizning yildan-yilga ommabop sayyohlik yoʻnalishi sifatidagi eʼtibori jahon miqyosida yuksalib borayotgani, Oʻzbekistondagi ochiqlik siyosati va hamkorlik tamoyillari bunga koʻp jihatdan koʻmaklashayotganini taʼkidladi.
Uning aytishicha, betakror madaniyat, yurtimiz tabiatidagi rang-baranglik, milliy oshxona va oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi dunyo sayyohlari uchun jozibador boʻlgan asosiy omillar sirasiga kiradi.