So'nggi yillarda Afrika qit'asida ham to'lov tizimlarining barcha yo'nalishlari rivojlanib boryapti, xususan, biometrik tizimining afzalligini Nigeriya startapi —  Torche isbotlamoqchi. Endi bu kompaniya xizmatidan foydalanib to'lovni barmoqlar yoki kaft izi orqali amalga oshirish mumkin.

“Hammada ham to'lov kartasi yoki bankda hisobraqam yo'q, lekin barchada barmoq va kaft izlari bor. Nega bundan foydalanmaslik kerak?!”, — dedi Torche bosh direktori Sisan Dorsu.

Ma'lumotlarga ko'ra, Nigeriya aholisining faqat 8 foizigina to'lov kartalaridan foydalanadi. Qolganlar esa naqd pul ishlatadi. Tahlilchilar ushbu holatni bank kartalari yo'nalishida firibgarlik kuchayib ketgani hamda tizimda nosozliklar tez-tez yuz berib turishi bilan izohlashadi.

Onlayn firibgarlik Nigeriyada shunchalik ko'pki, hatto global miqyosga chiqqan, “nigeriyalik xakerlar” iborasi ham paydo bo'lgan. Biometrik ma'lumotlardan foydalanishga o'tish nafaqat Nigeriya, balki qit'a miqyosida ushbu muammodan qutulish yo'lida tashlangan ilk qadamlardan bo'ldi.