Afrikada vaksinatsiya darajasi past: atigi 31 foiz aholi toʻliq emlangan

    Shu sababli kasallik hamon avj olmoqda.

    Bu haqida Afrika kasalliklarini nazorat qilish va oldini olish markazi rahbari maʼlum qildi, deb yozmoqda mahalliy manbalarimizdan biri. Unga koʻra, Afrika qitʼasida COVID-19 pandemiyasiga qarshi emlash darajasi pastligi sabab hamon kasallik avj olmoqda.

    Mutasaddi vakil Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreisusning “Dunyo COVID-19 pandemiyasi tugashiga yaqin turibdi”, degan gapiga ana shunday izoh bergan.

    Hozirda Afrika aholisining atigi 31 foizdan sal koʻprogʻi toʻliq emlangan. Mintaqalarga vaksinalarning kech yetib kelishi bunga asosiy sabab qilib koʻrsatilmoqda.

    Maʼlumot uchun, mamlakatimizda bugungi kungacha jami 67 859 220 doza vaksinadan foydalanildi. Buster doza bilan emlanganlar 18 265 189 nafarni tashkil qilmoqda.