Bir necha yil avval koronavirus pandemiyasi tufayli katta talafot va sinovlarni boshidan kechirgan jahon hamjamiyatini mazkur yuqumli virus haqidagi bunday xabarlar tashvishlantirishi tabiiy.

Nipah qanday virus? Xavotirlar qanchalik asosli? Uning muayyan hudud doirasidan chiqib, dunyo bo'ylab tarqalish ehtimoli bormi? Mazkur savollar bugungi kunda nafaqat mutaxassislar, balki oddiy odamlarni ham o'ylantirmoqda.

Virus tarixiga bir nazar

Nipah virusi ilk bor 1998-yilda Malayziyadagi Kampung Sungay Nipah qishlog'ida yashovchi cho'chqa boquvchi fermerlar orasida, kasallik avj olgan paytda aniqlangan. Shu bois virusning nomi mazkur qishloq nomidan kelib chiqqan. O'shanda virus bilan kasallangan 265 kishidan 108 nafari hayotdan ko'z yumgan edi. Shundan buyon kasallikning yana 12 bor avj olgani qayd etilgan bo'lib, ularning barchasi Janubiy Osiyo hududida kuzatilgan.

Bangladeshda Nipah virusi birinchi marta 2001-yilda aniqlangan bo'lib, shundan beri deyarli har yili mazkur mamlakatda kasallikning avj olish holatlari kuzatiladi. Shuningdek, kasallik Hindistonda ko'p qayd etiladi. Boshqa hududlar ham xavf ostida bo'lishi mumkin, deylik Kambodja, Gana, Indoneziya, Madagaskar, Filippin, Tailand kabi mamlakatlarda Nipah virusiga qarshi antitanachalar tabiiy rezervuar hisoblangan Pteropus turiga mansub ko'rshapalaklarda hamda ayrim boshqa turlarda aniqlangan.

2018-yilda Hindistonning Kerala shtatida Nipah virusi tarqalishi qayd etilib, oqibatda 17 kishi hayotdan ko'z yumgandi. 2021-yil sentabr oyida shu shtatda virusning yana bir bor avj olishi kuzatilib, 12 yoshli bola vafot etgan edi, 11 kishida esa kasallik alomatlari aniqlangandi. 2023-yil 16-sentabrda Hindistonda Nipax virusi yana avj oldi, o'shanda 2 kishi hayotdan ko'z yumdi. 2024-yil 22-iyul kuni Kerala shtatida 14 yoshli o'smir vafot etdi.

O'tgan yilning iyul oyida shu shtatdagi ikki tumanda virusni yuqtirish bilan bog'liq to'rtta holat aniqlangan bo'lib, o'shanda ikki kishi hayotdan ko'z yumgan edi.

Shuningdek, Bangladeshda 2025-yil yanvar – avgust oylari oralig'ida virus yuqishining to'rtta holati qayd etilgandi.

Nipah qanday virus?

Nipah virusi (NiV) hayvonlardan, xususan, ko'rshapalaklardan tarqaladigan kasallik sanaladi. Kasallik nafaqat hayvonlardan, balki zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari va kasallangan odam bilan yaqin muloqot orqali ham tarqaladi. U ko'plab hayvonlarni zararlaydi va insonlarda og'ir kasalliklar, hatto, o'limga olib keladi. Shu bois u odamlar salomatligi uchun jiddiy muammo hisoblanadi.

Odamlarda infeksiya turli shakllarda kechadi. U hech qanday simptomlarni namoyon qilmasligi, yengil yoki og'ir o'tkir nafas yo'llari infeksiyasi va o'limga olib keluvchi ensefalitning kelib chiqishiga sabab bo'lishi mumkin.

Dastlab isitma, bosh og'rig'i, mushak og'rig'i, qusish va tomoq og'rig'i paydo bo'ladi. Keyinchalik bosh aylanishi, uyquchanlik va o'tkir entsefalitni ko'rsatuvchi nevrologik belgilari rivojlanishi mumkin. Ayrim bemorlarda atipik pnevmoniya va o'tkir nafas yetishmovchiligi kuzatiladi. Og'ir holatlarda 24 – 48 soat ichida ensefalit, tirishishlar va koma holati kuzatiladi. Inkubatsion davr odatda 4 – 14 kun davom etadi, ammo 45 kungacha cho'zilgan holatlar ham qayd etilgan.

O'tkir ensefalitdan omon qolgan bemorlarning ko'pchiligi to'liq sog'ayadi, ammo ba'zilarida uzoq muddatli nevrologik asoratlar saqlanib qoladi. Taxminan 20 foiz bemorlarda tirishish xurujlari kuzatiladi. Ayrim hollarda kasallik qayta qo'zg'alishi mumkin.

O'lim ko'rsatkichi yuqori – 40 – 75 foiz. Bu daraja epidemik nazorat hamda tibbiy yordam imkoniyatlariga bog'liq holda o'zgarib turadi.

JSST bayonoti

Hindistonda Nipah virusining avj olgani haqidagi so'nggi ma'lumotlar 2026-yil 24-yanvar kuni paydo bo'ldi. Bu dunyo miqyosida xavotirlarga sabab bo'ldi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) Nipah virusi bilan bog'liq vaziyat haqida ma'lumot berib, hozirda uning odamdan odamga yuqishining ko'payganligi haqida hech qanday dalil yo'qligini, virusning Hindistondan tashqarida tarqalish ehtimoli past ekanini, chunki mamlakat kasallikning avj olishini to'xtatish imkoniyatiga ega ekanini ma'lum qildi.

Avvalroq Hindiston Sog'liqni saqlash vazirligi dekabrdan beri mamlakatda Nipah virusini yuqtirish bilan bog'liq faqat ikkita tasdiqlangan holat qayd etilganini xabar qildi.

Hindiston hukumati G'arbiy Bengaliya rasmiylari bilan yaqin hamkorlikda darhol “belgilangan bayonnomalarga muvofiq” choralar ko'rdi. Yuqtirilgan shaxslar bilan aloqada bo'lgan jami 196 kishi aniqlandi va tekshirildi. Ularning hech birida kasallik alomatlari yo'q edi va Nipah virusi uchun olingan testlar manfiy chiqdi.

Biroq, JSST Hindistonning ba'zi hududlarida va qo'shni Bangladeshda ko'rshapalak populyatsiyasi mavjudligi sababli yangi holatlar kuzatilishi mumkinligini istisno qilmadi.

Virusga qarshi vaksina bormi?

Nipah virusiga qarshi vaksina yo'q edi. Biroq yaqinda Tokio universitetining Ilg'or fanlar va texnologiyalar tadqiqot markazi Nipah virusiga qarshi vaksinani ishlab chiqishdi.

Qayd etilishicha, vaksina qizamiq virusi asosida yaratilgan. U odam organizmiga yuborilganda Nipah virusi oqsillariga o'xshash oqsillarni ishlab chiqarishga yordam berishi kerak. Bu esa immun tizimini mustahkamlab, yuqish holatida infeksiya rivojlanishidan himoya qilishi mumkin.

Tokio universiteti olimlari kemiruvchilar va boshqa hayvonlarda o'tkazilgan sinovlar davomida vaksinaning samaradorligi va xavfsizligini allaqachon tasdiqlashdi. Odamlarda o'tkaziladigan sinovlarning birinchi bosqichi aprel oyida Belgiyada boshlanadi. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, vaksinaning xavfsizligi va samaradorligini kattalar va bolalarda tekshirishga qaratilgan keyingi bosqichlar 2027-yilning ikkinchi yarmida Bangladeshda o'tkaziladi.

Mamlakatimizda vaziyat qanday?

Hindistonda Nipah virusi bilan bog'liq holatlar kuzatilayotgani fonida, mazkur virus mamlakatimizda ham qayd etilmaganmikan, epidemiologik vaziyat qanday, degan savollar paydo bo'ldi.

Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi aholiga murojaat bilan chiqdi. Tashkilot ma'lumotlariga ko'ra, ayni paytda O'zbekiston hududida ushbu virus bilan kasallanish holatlari umuman qayd etilmagan va mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat to'liq barqaror nazorat ostida saqlanmoqda. Ta'kidlanishicha, yurtimiz sarhadlari orqali turli yuqumli kasalliklar kirib kelishining oldini olish maqsadida 54 ta chegara o'tkazish punktlarida sanitar-karantin nazorati kuchaytirilgan rejimda ish olib bormoqda. Garchi mamlakatimizga ushbu virusning kirib kelish ehtimoli juda past bo'lsa-da, mutaxassislar ogohlikni yo'qotmaslikka chaqirmoqda. Shu munosabat bilan, qo'mita chet elga, ayniqsa virus o'choqlari mavjud bo'lgan mamlakatlarga borishni rejalashtirayotgan yurtdoshlarimizga bir qator muhim tavsiyalarni taqdim etdi. Birinchi navbatda, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilish, qo'llarni sovun bilan tez-tez yuvish va antiseptik vositalardan foydalanish zarurligini qayd etdi. Qolaversa, iste'mol qilinadigan meva va sabzavotlarni albatta yuvish, faqat tekshirilgan suv ichish lozimligi, eng muhimi, ko'rshapalaklar tishlagan yoki tirnagan bo'lishi mumkin bo'lgan, sirtida shikastlanish izlari bor mevalarni aslo yemaslik kerakligi alohida uqtirildi.

Xulosa qilib aytganda, Nipah virusi yuqori o'lim ko'rsatkichiga ega bo'lgan xavfli infeksiya hisoblansa-da, uning keng miqyosda, ayniqsa dunyo bo'ylab tarqalish ehtimoli hozircha past baholanmoqda. JSST tomonidan vaziyat doimiy nazoratga olingan. O'zbekistonda esa ayni paytda ushbu virus bilan bog'liq holatlar qayd etilmagan va epidemiologik vaziyat barqaror. Shu bilan birga, globallashuv sharoitida har qanday yuqumli kasallikka nisbatan ogohlikni yo'qotmaslik, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish va rasmiy manbalar orqali berilgan tavsiyalarga rioya etish aholi salomatligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shahzod G'afforov,

“Yuz.uz” sharhlovchisi