Poyezdda sayohat qilishining gashti o'zgacha. Ayniqsa, “Afrosiyob” tezyurar poyezdida shamol misol elayotgandek bo'lasan kishi. Shinam, barcha qulayliklarga ega vagonda ba'zan ana shu qisqa vaqtning qanday o'tganini ham sezmay qolasan.
Uzoq viloyatlarga yo'l olganda yoki qo'shni davlatlarga katta hajmda yuk jo'natish zarurati yuzaga kelganda poezd asqatadi. Bu yo'nalishda ham yangilanish, o'zgarishlar yo'q emas. 2020-yil 1-sentyabrdan temir yo'l chiptalarini xarid qilishda elektron platforma joriy etilishi aholiga yanada qulaylik yaratdi. Qisqa muddatda chiptalarni chet el valyutalarida sotib olish imkoniyati ham yo'lga qo'yildi. Ayni paytda platformani yanada takomillashtirish ishlari olib borilyapti.
Avazbek AHMEDOV,
Transport vazirligi Temir yo'l transportini rivojlantirish departamenti boshlig'i:
— Sohada asosiy ikkita — yo'lovchi hamda yuk tashish yo'nalishlari mavjud. Ularning infratuzilmani rivojlantirish hamda aholiga sifatli xizmat ko'rsatish asosiy vazifa hisoblanadi.
Bugungi kunda yo'lovchi tashishdagi reyslar soni jami 27 ta bo'lsa, 18 tasi kunlik sanaladi. Ular sonini ko'paytirish maqsadida joriy yilda mavjud 4 ta “Afrosiyob” tezyurar poezdiga qo'shimcha tarzda yana 2 tasini sotib olish ko'zda tutilgan.
Aholiga xizmat ko'rsatish turlarini kengaytirish uchun yangi yo'nalishlar ochilib, Farg'ona vodiysi halqa yo'li bo'ylab elektropoyezdlar harakati yo'lga qo'yildi. Farg'ona vodiysidan Xorazm viloyatining Urganch shahriga qo'shimcha reyslar ochildi. Shanba-yakshanba kunlari mavjud reyslar soni oshirildi.
Respublikamizda 268 ta temir yo'l stantsiyasi bo'lsa, ularda 1200 dan ortiq temir yo'l shoxobcha yo'li, ya'ni alohida korxonalar, tashkilotlar hamda muayyan yuk jo'natuvchilar va yukni oluvchilarga xizmat ko'rsatish uchun mo'ljallangan, temir yo'llarning umumiy tarmog'iga uzluksiz rel`s izi bilan ulangan temir yo'l yoki tashkilotga tegishli bo'lgan ichki yo'llar mavjud. Bu shoxobchalarda temir yo'l stantsiyalariga kelgan yuklarni tushirish, vagonlarga yuklash, saqlash masalalari, bojxona ko'riklari amalga oshiriladi. Mazkur logistika markazlarining 80 foizi xususiy sektorga tegishli.
Hozir temir yo'l infratuzilmasi yanada rivojlantirilyapti. 2021—2025-yillarda Buxoro —Urganch — Xiva temir yo'l uchastkasini elektrlashtirish ko'zda tutilgan. 465,5 kilometrli ushbu yo'nalishda mazkur ishlarning yakuniga yetishi natijasida “Afrosiyob” poezdlarining Xorazm viloyatiga harakatlanishi imkoniyati yaratiladi.