Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoni bilan 104 nafar shaxsning afv etilgani ham bagʻrikenglikdan dalolatdir.
Fargʻona viloyati hokimligi rasmiy veb-sayti xabariga ko'ra, afv etilganlar orasida 9 nafar fargʻonalik mahkumlar ham boʻlib, ularning 5 nafari oʻz uylariga, oilasi bagʻriga qaytarildi. Qolgan 4 nafar mahkumning esa jazo muddatlari qisqartirildi.
Albatta, ularning jamiyatga moslashuvini taʼminlash, har tomonlama yordam koʻrsatish dolzarb vazifalardan sanaladi.
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov viloyat sektor rahbarlari bilan birgalikda afv etilgan fuqarolarni qabul qilib, ularning ijtimoiy muammolari, kelgusidagi rejalari xususida suhbatlashdi. Ularga xalqimizga xos bagʻrikenglik fazilatini namoyon etgan Prezidentimizning ishonchini oqlab, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, yuz berayotgan oʻzgarish va yangilanishlarning faol ishtirokchisi boʻlishi lozimligini taʼkidladi.
Jazodan ozod etilganlar qilgan ishlaridan pushaymonliklarini taʼkidlab, bildirilgan ishonch uchun xalqimizga, hukumatimizga minnatdorlik bildirdi. Bundan buyon halol ishlab, oilasi va yurtimizga naf keltirishga vaʼda berdilar.
Margʻilonlik Zulfiqor Abdulazizov yoshlik qilib, notoʻgʻri yoʻlga qadam bosdi. U sodir etgan jinoyati uchun 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Davlatimizda amalga oshirilayotgan bagʻrikenglik siyosati tufayli muddatidan avval oʻz oilasi bagʻriga qaytdi.
- Qilmishimdan juda ham pushaymondaman, — deydi u. — Ozodlikning qadrini tushunib yetdim. Hayotda har kim oʻz oʻrnini topishi, farzand sifatida el-u yurtga nafi tegishi kerak. Men ham albatta, shunga harakat qilaman.
Viloyat hokimi mutasaddilarga afv etilganlarni ijtimoiy moslashtirish, moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlash va shu kabi boshqa hayotiy masalalarda amaliy yordam berish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berib oʻtdi.