"Agar shu ketish boʻlsa, Oʻzbekiston Xitoydan oʻtib ketadi!.."

    Fan 12 Noyabr 2024 260

    Xitoylik olimlar Oʻzbekistonning ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlarini eʼtirof etdi.

    Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti Biotexnologiya va nanotexnologiya laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov oʻzining feysbukdagi sahifasida bugungi oʻzbek ilm-fani yutuqlari bilan bogʻliq post qoldirdi.

    Taʼkidlashicha, mamlakatimizga kelgan xitoylik hamkasblari laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy ishlar bilan qiziqqan.

    "Bir hamkasbimiz koʻpdan beri Oʻzbekistonga kelarkan. Uning birinchi aytgan gapi shu boʻldi: “Avval kelganimizda, asosan, yoshi katta olimlarni koʻrardik. Hozir esa yosh olimlar, laboratoriya mudirlari ham, loyiha rahbarlari ham..."
    Mehmonlarimizdan yana birining esda qolgan gapi shu: “Agar bu ketish boʻlsa, sizlar (Oʻzbekiston) bizdan (Xitoydan) oʻtib ketasizlar!.."
    Yonimizda ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Khurshud Turakulov domla ham bor edi, dedik: “Harakatdamiz, Xudo xohlasa!.."
    Bu eʼtirof birinchisi emas. Shu yilning yoz oxirlarida Rossiya genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutidan ham bir guruh olimlar kelgan, laboratoriyalarimizni koʻrishgan edi. keyin: “Bizdan ancha oʻtib ketibsizlar...“ deyishgandi.
    Keyingi 2-3-yilda, ayniqsa, oʻzimizning institutda jiddiy tadqiqotlar eʼlon qilina boshlandi. Ayrim laboratoriyalarimiz 3-4 tadan salmoqli nashrlarda koʻrinish berishyapti. Nasib qilsa, bu yilgi hisobotimizni eʼlon qilish niyatidaman. Maqsad, Oʻzbekistonda qilinayotgan ilmiy-tadqiqotlarni ommalashtirish va shu orqali yoshlarni ilmga jalb etishdir", deydi olim oʻzining postida.

    Shuningdek, Baxtiyor Rasulov ilmning boshqa sohalarida izlanishlar olib borayotgan hamkasblarini oʻz ilmiy faoliyatlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritib borishga chaqirdi.