Yigʻilishda taʼkidlanganidek, korrupsiya illatiga qarshi kurashishda keng jamoatchilik vakillari, fuqarolar, ommaviy axborot vositalari faol jalb qilingandagina kerakli natijaga erishiladi. Bu borada 2020-yil 29-dekabrdagi Murojaatnomada ham Prezidentimiz tomonidan “Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur”ligi qayd etildi. Shu bilan birga tegishli normativ-hujjatlarda jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik Agentlikning eng asosiy vazifasi sifatida qayd etilgan.

Shu boisdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga shuningdek, Korrupsiyaga qarshi Milliy kengashning 20-avgustdagi qaroriga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etish belgilangan.

Jamaotchilik kengashini tashkil etish va aʼzolarni shakllantirishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida aʼzolikka nomzodlar tanlov asosida saralandi. Tanlovga 250 ga yaqin fuqarolardan arizalar kelib tushdi. Nomzodlar davlat va nodavlat tashkiloti vakillaridan iborat malakali va tajribali ekspertlar guruhi tomonidan saralab olindi. Nomzodlarni tanlashda ularning korrupsiyaga murosasiz munosabatda ekanligi inobatga olindi.

Taʼsis yigʻilishida Jamoatchilik kengashining asosiy faoliyat yoʻnalishlari hamda kelgusi rejalari, ustuvor maqsad va vazifalar muhokama qilindi. Jumladan, quyidagilar Kengashning asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi:

- Agentlik faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;

- Agentlikni nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini taʼminlashda “koʻprik” rolini bajarish;

- korrupsiya holati toʻgʻrisida Agentlik tomonidan tayyorlangan yillik hisobotlarni koʻrib chiqish;

- korrupsiyaga qarshi kurashish rejalari, strategiyalari, shuningdek Agentlik tomonidan qabul qilingan qarorlarni mustaqil monitoring qilish va ularning taʼsirini baholashni tashkil etish;

- fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyati bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, strategiyasi va chora-tadbirlari samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish. Xususan, Agentlik tomonidan ishlab chiqilayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021–2025-yillarga moʻljallangan milliy strategiya loyihasiga oʻz takliflarini taqdim etishi;

- korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va chora-tadbirlarini takomillashtirish boʻyicha jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish;

Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida bir qator muhim vazifalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha amaliy koʻmak berish;

Agentlikning oʻz faoliyatini amalga oshirishda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va hal qilish amaliyotini koʻrib chiqishiga eʼtibor qaratish;

- jamoatchilik, fuqarolarga korrupsion holatlar yuzasidan agentlikka toʻgʻridan-toʻgʻri xabar berish imkonini beruvchi platforma va uning mobil ilovasini aholi orasida keng targʻib qilish;

- davlat organlari tomonidan oshkor qilinadigan maʼlumotlarning hisobdorligi, ochiqligi va sifati toʻgʻrisida yillik hisobotlarni ishlab chiqish;

- Agentlik faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilik fikrini kuzatib borish va tahlil qilish;

- Agentlik faoliyatining shaffofligini monitoring qilish;

- Agentlik faoliyati bilan bogʻliq davlat xaridlari, byudjet mablagʻlaridan foydalanish jarayonlarini kuzatish;

- davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining bajarilishini monitoring qilish va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida Agentlikka tavsiyalar berish.

Shuningdek, yigʻilishda Kengash faoliyatiga oid bir qator tashkiliy masalalar ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlash lozimki, kengash rahbariyatini saylash demokratik ruhda va bahs-munozaralarga boy oʻtdi. Kengash raisligiga jamoatchilik, davlat organlari, parlamentda uzoq yillik tajribaga ega boʻlgan, qator ilmiy izlanishlar muallifi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi kafedrasi boshligʻi – Tursunov Axtam Salomovich saylandi.

Kengash raisi oʻrinbosarligiga maqolalari, fikrlari, takliflari bilan jamoatchilik va ijtimoiy tarmoqlarda oʻz oʻrniga ega boʻlgan “Oʻzbekiston kinosanʼati muzeyi" yuriskonsulti, mustaqil jurnalist Solijonov Zafarbek Ulugʻbek oʻgʻli nomzodi maʼqullandi.
Shuningdek, Kengash ishini samarali tashkil etish va yuritish boʻyicha ham bir necha nomzodlar orasidan huquqiy taʼlim sohasida tajribaga ega boʻlgan, malakali pedagog, tashkilotchi Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsent vazifasini bajaruvchisi Tadjibayeva Albina Yuldashbayevna –kengash kotibi etib saylandi.

Yigʻilish yakunida Kengash aʼzolari oʻz yoʻnalishlari boʻyicha korrupsiya illatini oldini olishga qaratilgan takliflar tayyorlash, Agentlik faoliyatini monitoring qilib borish, bugungi kunda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlayotgan muhim masalalar boʻyicha muntazam ravishda oʻz tavsiyalarini bildirib borish, kengash ish rejasini shakllantirishga kelishib oldilar.