Agrar soha transformatsiya jarayonlari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 28 Fevral 2023 631

    Qishloq xoʻjaligi vazirligida Yevroosiyo raqobatbardoshlik instituti (EIC) vakillari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda Transformatsiya masalasi muhokama etildi.

    Sir emas, transformatsiya — bu bugun jamiyatning barcha boʻgʻinlarida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar asosi. Yaʼni, ixcham va hamma tomonlama maqbul boshqaruv uslubi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ham ayni masala yuzasidan atroflicha fikr almashilindi. Yigʻilishga bu borada Yevropaning tajribali hamda samarador natija koʻrsatgan vakillari taklif etildi. Maqsad aniq. U ham boʻlsa bugungi oʻzgarishlar natijasida tarmoq har tomonlama natija koʻrsatishga ishlashiga omil yaratish.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining strategiyasi, tarmoq strategiyasini muhokama etish maqsadida tashkil etilgan yigʻilishda taʼkidlanganidek, Yevroosiyo raqobatbardoshlik instituti (EIC) uchta asosiy yoʻnalish bilan shugʻullanadi:

    - Davlat sektorining joriy va istiqboldagi kun tartibiga oid xalqaro tadqiqotlar;

    - Strategik yoʻnalishlarni ishlab chiqishda ekspert va konsalting yordami;

    - Davlat sektori rahbarlarining kompetensiyalarini rivojlantirish boʻyicha taʼlim dasturi.

    EIC vakillari Aleksey Prazdnichnix va Aleksandr Idrisov tarmoqlar va vazirlikning rivojlanish strategiyasi dasturini taqdim etdi, unda beshta yoʻnalishdan iborat qishloq xoʻjaligini rivojlantirish modelining mohiyatini ochib berdi. Bular:

    - Vazirlikning vazifa va strategik yoʻnalishlari;

    - xizmat koʻrsatish modeli;

    - kadrlar va madaniyat;

    - tashkiliy arxitektura;

    - vazirlik faoliyatini raqamlashtirish.

    Yigʻilishda EIC va Qishloq xoʻjaligi vazirligining tarmoq strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikni boshlash taklifi ilgari surildi, bunda avvalroq ushbu bosqichda tarmoq holatiga tashxis qoʻyildi.

    Ayni masala yigʻilish ishtirokchilari tomonidan tahlil qilinar ekan, hududiy boshqarmalar faoliyatida, xususan inson resurslarini boshqarishda eng ustuvor masala nimalarga qaratilishi, bunda salbiy omillar boʻy choʻzmasligi, asosiy eʼtibor soha rivoji va joylarda qoʻyilgan masalalarning ijobiy yechimiga masʼullarning masʼuliyatini oshirish darkorligiga qaratildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.