Tez suratlar bilan o'zgarib borayotgan davrda innovatsiyalarni hayotga, iqtisodiyotga joriy qilishning ahamiyati katta. Yangicha yondashuvlarning barcha sohalarda tatbiq qilinishi natijasida import o'rnini bosuvchi, eksportga yo'naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Tadbirning dastlabki kunida mazkur yo'nalishda amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalar haqida ma'lumot berilishi barobarida yaratilgan yangi mahsulotlarning ko'rgazmasi ham bo'lib o'tdi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi hamda “O'zbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda taqdim etilgan innovatsion g'oya va ishlanmalar, mahsulotlar hamda drayver loyihalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
— Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublika iqtisodiyoti sohalari va hududlarning intellektual hamda texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy, innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalarini shakllantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Qishloq xo'jaligi sohasi ko'p qirrali, keng qamrovli soha hisoblanadi. Demak, innovatsion texnologiyalarni ham keng joriy qilishimiz kerak, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig'i o'rinbosari Ahtam Daliev.
Soha izlanuvchilari tomonidan yangi hosildor sabzavot, poliz ekinlari hamda Orol bo'yi hududlarida etishtirishga mo'ljallangan krotolyariya ekini haqida taqdimot o'tkazildi. Shuningdek, g'o'zaning yuqori sifatli urug'larini etishtirishda organik dehqonchilik tamoyillaridan foydalanishning afzalliklari haqida ma'lumotlar berildi.
Aytish joiz, olimlar tomonidan tuproq unumdorligini oshirishda siderat ekinlarini o'stirishning takomillashgan energiya-resurstejamkor agrotexnologiyalari ishlab chiqilmoqda. Ishtirokchilar mana shunday yondashuvlarning natijalari bilan ham tanishdi.
Tadbir doirasida loyiha mualliflariga USAIDning O'zbekistondagi vakillari tomonidan agrobiznes yo'nalishidagi amaliy tadqiqotlarni moliyalashtirish sertifikatlari ham topshirildi.
Ertaga — 7 iyun kuni chorvachilikni rivojlantirish sohasida genetika usullarini qo'llash orqali chorva zotlarining genofondini ko'paytirish va go'sht mahsuldorligini oshirish, ozuqa-em bazasini kengaytirish bo'yicha amaliyotga tatbiq etilayotgan innovatsion loyihalarning taqdimoti bo'lib o'tadi. Tadbir 10 iyunga qadar davom etadi.
Diyora ESHQULOVA,
O'zJOKU talabasi