Agrar sohada professional mutaxassislar tayyorlashda Koreya tajribasi oʻrganiladi

    Ta'lim 13 Noyabr 2022 1349

    2022-yil 11-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida “Qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda Janubiy Koreya tajribasi” mavzusidagi uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining xodimlari hamda Janubiy Koreyalik mutaxassis olimlar ishtirok etdi.

    Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent davlat agrar universiteti hamda Janubiy Koreyaning Chungnam Milliy Universiteti oʻrtasida “Oʻzbekistonda qishloq-xoʻjaligi muhitini yaxshilash hamda professional kadrlarni tayyorlash boʻyicha” loyiha amalga oshirilyapti. Ushbu loyiha 2021-yil 1-apreldan toki 2028-yil 31-martga qadar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Unga koʻra, mamlakatimizda qishloq-xoʻjaligi muhitini yaxshilash, sohada professional kadrlarni tayyorlash, shu bilan bogʻliq oʻquv taʼlimini joriy etish hamda agrar sohada sertifikatlash tizimini yaratish va samarali boshqarish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Maʼlumot uchun aytish mumkin, loyihani amalga oshirish mobaynida Toshkent davlat agrar universitetida sertifikatlash tizimi joriy etilib, oʻquv dasturlari ishlab chiqish, qishloq xoʻjaligida malakali professional mutaxassislar tayyorlash, universitetda hozirgi kunda foydalanib kelinayotgan laboratoriya xonalari jihozlarini zamon talabiga mos ravishda qayta taʼmirlab, jihozlash hamda rivojlangan davlatlar oʻquv adabiyotlari bilan boyitish kabi muhim vazifalarni bajarish belgilangan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.