Agrar sohasida Janubiy Koreya bilan hamkorlik kengaytiriladi

    Agrosektor 28 Fevral 2023 930

    Janubiy Koreya Respublikasining Xalqaro qishloq xoʻjaligi aloqalarida koʻptarmoqli hamkorlik va rivojlanish markazi rahbari Uonkyu Cha hamda KOPIA Xalqaro markazi direktori doktor Oh Sung Jong boshchiligidagi delegatsiya Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutida boʻldi.

    Muzokara davomida institut direktori Shuhrat Azizov va Xalqaro qishloq xoʻjaligi aloqalarida koʻptarmoqli hamkorlik va rivojlanish markazi rahbari Uonkyu Cha hamda KOPIA direktori doktor Oh Sung Jong respublikamizda chorvachilik ozuqa bazasini rivojlantirishda

    smart texnologiyalardan foydalangan holda sifatli goʻsht mahsulotlarini yetishtirish texnologiyasi – “Smart farm”ni ishlab chiqish boʻyicha loyihani muhokama etib, uni hamkorlikda amalga oshirishga kelishib oldi.

    Muloqotda Toshkent viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi, Yangiyoʻl tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi xodimlari hamda Chorvachilik va parrandachilik va Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari ishtirok etdi.

    Muloqotdan soʻng mehmonlar institut qoshida tashkil etilgan muzey va tajriba xoʻjaligi dala maydonlari, chorvachilik fermasi bilan tanishdilar.

    Maʼlumot uchun: Zamonaviy “Smart farm” muassasasida qoramollarning nasldorligini oshirish, texnologik jarayonlarni raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan chorvachilik xoʻjaliklarida “Smart animal farm” raqamli dasturida ishlovchi texnik xodimlarni tayyorlash boʻyicha

    oʻqitish tashkil etiladi.

    Bundan tashqari, Toshkent davlat agrar universitetida talabalar uchun Koreyaning Dankuk qishloq xoʻjaligida xalqaro hamkorlik instituti professori, doktor Li Dong Ji, ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi. Professor “Meva-sabzavotchilikda ilgʻor texnologiyalar oʻquv markazini tashkil etish” loyihasi menejeri hisoblanadi. “Meva va sabzavot ishlab chiqarish sohasida ilgʻor texnologiyalar oʻquv markazini yaratish” loyihasi Koreya qishloq jamoalari korporatsiyasi (KRC) va Koreya qishloq xoʻjaligi xalqaro hamkorlik instituti (DICA) tomonidan amalga oshirilyapti, deb xabar beradi Qishloq

    xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Loyiha doirasida quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

    - meva-sabzavot yetishtirishning ilgʻor texnologiyalari boʻyicha oʻquv markazi va namunali fermer xoʻjaligi;

    - zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha oʻquv kurslari.

    - Koreyalik mutaxassislar 2000 nafar fermerlar uchun konsalting, reklama va trening tadbirlarini oʻtkazadi;

    - Koreya qishloq xoʻjaligi tajribasini oʻrganish maqsadida mutaxassislarni Koreyaga malaka oshirish uchun yuborish.