“Agrobank”da ish oʻrganuvchi 2 ming dollar pora bilan qoʻlga tushdi

    Xavfsizlik 21 Iyul 2021 1065

    Sirdaryoda “Agrobank” ish oʻrganuvchi 2 ming AQSH dollari pora bilan qoʻlga tushdi. U avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shahobchasini tashkil qilish uchun bankdan 240 million soʻm kredit olmoqchi boʻlgan fuqarodan “xolis xizmati uchun” 24 million soʻm talab qilgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.

    Gap shundaki, Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida yashovchi fuqaro avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shahobchasini tashkil qilish maqsadida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 240 mln soʻm kredit olish uchun “Agrobank”ning tuman filialiga murojaat qiladi. Biroq bank xodimlari turli vajlar bilan unga kredit ajratishni kechiktirib keladi.

    DXX va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Agrobank”ning Sardoba tuman filiali ish oʻrganuvchisi ushbu kreditni olib berish evaziga 24 million soʻm talab qilgani aniqlangan.

    Xabarga koʻra, ish oʻrganuvchi fuqarodan 2 ming AQSH dollarini olgan paytda qoʻlga tushgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.