Qarorga koʻra, 2023-yil 1-sentyabrdan “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi tarkibida “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.
Mazkur platforma paxta, boshoqli don, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmat koʻrsatishni nazarda tutadi.
2024-yil hosilidan boshlab qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlari tijorat banklarining “Agroplatforma” AT orqali elektron tarzda shakllantirilgan buyurtmanomalari asosida moliyalashtiriladi.
Bunda mahsulot yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” ATdagi shaxsiy kabinetlari orqali elektron xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.
2023-yil yakunigacha:
- Geoaxborot texnologiyalari va kosmik tasvirlarni tahlil qiladigan xizmatlarni koʻrsatish platformasi joriy etiladi;
- qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirishning amaldagi mexanizmlari raqamli texnologiyalar yordamida takomillashtiriladi.
Bunda, yerdan foydalanuvchilarning takliflarini qabul qilish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini elektron joylashtirish, kelishish, maʼlumot va hisobotlarni avtomatik shakllantirish uchun “CropAgro” axborot tizimi joriy etiladi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi geoportallari takomillashtirilib, tegishli hududlarning qishloq xoʻjaligi sohasiga oid geografik, statistik va tahliliy maʼlumotlardan ochiq foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
Qarorga koʻra, 2024-yil 1-fevralgacha sohadagi statistik maʼlumotlarning ishonchliligi va tezkorligini taʼminlash uchun Agrar va oziq-ovqat sohasida vaziyatlarni baholash markazining ishga tushirilishi nazarda tutilgan.
2023-yil 1-oktyabrgacha “Agroplatforma” ATda qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanuvchilarning yagona maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.