“UzAgroLogistics Centers” agrologistika markazi, “RJD Logistika” AJ va “Rossiya eksport markazi” (REM) AJ Rossiya — Oʻzbekiston logistika koridorini rivojlantirish hamda agrosanoat import va eksport yuklarini “Agroekspress” tezyurar refrijeratorli konteynerli poyezdlarida tashish borasida hamkorlik boʻyicha kelishuv imzolashdi.
Bu Oʻzbekiston agrosanoat majmuasining eksport mahsulotlarini yetkazish boʻyicha xizmatlarni hamda Rossiyadan olib kelinadigan import yuklarni yangi sifat darajasiga olib chiqishga imkon yaratadi.
Oʻzbekistondan Rossiyaga dastlabki sinov “Agroekspress”ni (qariyb 40 vagon) 2021-yilning kuzida joʻnatish rejalashtirilgan. Xuddi shu temir yoʻl sostavi Rossiyadan Oʻzbekistonga qarama-qarshi import oqimini taʼminlab beradi.
Memorandum “Uzagrologistics Centers” MCHJ, “REM” AJ, “RJD Logistika” AJ bosh direktorlari Noufalbek Sabirov, Veronika Nikishina va Dmitriy Murev tomonidan imzolandi.
“Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Rossiya eksport markazi” AJ, hamda “RJD Logistika” AJ tomonidan ishlab chiqildi, muzokaralar chogʻida ular agro-oziq-ovqat mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishni rivojlantirishda ikki tomonlama koʻmak hamda uchinchi mamlakatlar orqali qayta eksport qilishni kamaytirish zaruratini taʼkidlashdi, — dedi Noufalbek Sabirov. — Bu Oʻzbekistondagi yetkazib beruvchilar uchun ham, Rossiyadagi foydalanuvchilar uchun ham birdek manfaatli”.
“2021-yilning birinchi choragida Rossiyadan Oʻzbekistonga eksport tashishlar hajmi besh foizga oshdi va deyarli bir milliard dollarni tashkil etdi. Loyihaning toʻlaqonli ishga tushirilishi oʻzaro manfaatli marshrutlarni shakllantiradi va rossiyalik eksportchilarni kompleks logistika xizmati hamda Rossiya mahsulotlarini uzilishlarsiz Oʻzbekistonga yetkazish kanali bilan taʼminlaydi, bu esa oʻz navbatida ikki mamlakatning yillik tovar aylanmasi koʻrsatkichlarini yangi sifat bosqichiga koʻtaradi”, — deya taʼkidladi Veronika Nikishina.
Oʻz navbatida, Dmitriy Murev Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida “RJD Logistika” muntazam xizmatini tashkil etishning ulkan salohiyati borasida toʻxtaldi. Temir yoʻl transporti vositasi avtotransport vositalariga nisbatan ishonchli va ekologik toza yetkazib berish usuli sifatida rivojlanyapti. Uning soʻzlariga koʻra, ixtisoslashtirilgan harakatdagi sostav hatto tashish uchun eng nozik hisoblangan yuklarning ham butligini kafolatlaydi. Rossiyadan Oʻzbekistonga va yana ortga samarali doimiy logistika tarmogʻini tashkil etish ikki mamlakat oʻrtasida tovar aylanmasi koʻrsatkichlarini sezilarli darajada oshirishga imkoniyat yaratadi. Oʻtgan 2020-yilda ushbu koʻrsatkich 2019-yilga nisbatan 15% dan koʻproq miqdorda oʻsgan edi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.