Hujjat Prezidentning 28.04.2020-yildagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4699-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida ishlab chiqilgan.
Agrar sohani raqamlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan, suv resurslaridan samarali foydalanish va ekinlar holatini nazorat qilishning idoraviy va idoralararo axborot tizimlarini joriy etish;
agrosanoat majmuidagi tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni, shu jumladan davlat xizmatlarini toʻliq elektron shaklga oʻtkazish;
qishloq xoʻjaligi sohasida zamonaviy AKTni joriy etish uchun DXSH shartlari asosida maqsadli loyihalarni amalga oshirish;
suv omborlari va sugʻorish tizimlarida suv resurslaridan foydalanishni onlayn rejimda nazorat qilish texnologiyalarini joriy etish;
suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli hisobini yuritish hamda maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
biznes-startap loyihalarni amalga oshirish va innovatsion loyihalar natijalarini tijoratlashtirish uchun korxonalarga koʻmaklashish.
Qaror bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi. Markaz agrosanoat majmuida “Raqamli qishloq xoʻjaligi” axborot tizimi yuritilishi uchun masʼul hisoblanadi.
“Raqamli qishloq xoʻjaligi” axborot tizimi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar, taʼminotchilar hamda qayta ishlash tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi platforma boʻlib xizmat qiladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishgan holda, integratsiyalashgan yagona axborot tizimiga agrosanoat va oziq-ovqat sohasiga oid maʼlumotlarni taqdim etish qoidalarini belgilash vakolati berildi.
2021-yil 1-mayga qadar yirik gidrouzel va irrigatsiya tizimini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish boʻyicha tajriba loyihasi amalga oshiriladi.
Toshkent davlat agrar universiteti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida talabalarning agrar sohadagi biznes-startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha innovatsion tashkilotlar tashkil etiladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
“Aqlli qishloq xoʻjaligi” texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi;
“Aqlli qishloq xoʻjaligi” texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha 2021–2023-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi;
Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari statistikasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi;
2021-2022-yillarda agrar sohada zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni keng joriy qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan maʼlumotlar almashishni yoʻlga qoʻyadigan tashkilotlar roʻyxati;
2021-yilda “Aqlli qishloq xoʻjaligi” texnologiyalarini respublika hududlariga joriy qilish boʻyicha manzilli roʻyxat.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 18.12.2020-yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.