Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Bravo” jamoasi vakili Ahmad Temirov hamda xonanda Vohidjon Isoqovning nikoh toʻylari tasvirlangan video va fotolavhalar qizgʻin muhokamalarga mavzu boʻlmoqda.
Tasvirlarda toʻy egalarini tabriklash uchun kelgan 10 dan ortiq sanʼatkorlar, 100 ga yaqin mehmonlarni koʻrish mumkin. Ular ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish kabi karantin talablariga rioya qilmagani aks etgan.
Bu holatga Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev munosabat bildirdi.
“Ahmad Temirov, Vohidjon Isoqov oʻrnatilgan tartibda jarimaga tortilganidan xabarimiz bor, biroq bunday xatti-harakatlar “tartib qoidalarga zid ravishda mana shunday toʻy oʻtkazib, belgilangan jarimani toʻlab ketish bilan osongina qutulish mumkin” degan notoʻgʻri xulosalar shakllanshiga sabab boʻlishi yomon. Qolaversa, bunday tadbirlar kasallik tarqalishiga olib kelmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi.
Axir xalq koʻz oʻngida yurgan, sanʼat olamiga daxldor odam boshqalardan koʻra madaniyatliroq boʻlishi, kerak boʻlsa, jamiyatidagi xayrli ishlar va yangiliklarni amalga oshirishga koʻproq hissa qoʻshib, yoshlarga oʻrnak koʻrsatishi kerak emasmi?
Bu kabi koʻra-bila turib tartib-qoidani mensimay buzganlar faqatgina maʼlum bir miqdorda jarima toʻlash bilan qutulishi yetarli emasdek, nazarimda. Jamiyat qoidalariga, insonlar hayotiga bunchalar bepisandalik bilan qarash koʻrinmas dushman bilan olishib jonlarini fido qilgan yuzlab shifokoru-harbiylarimiz, yurtdoshlarimiz xotirasi va mehnatlariga nisbatan ham hurmatsizlik deb baholashga loyiq.
Ushbu holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Senator soʻrovi yuborildi va mazkur masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan nazoratga olindi” deyiladi senator munosabatida.