Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi.

Avval xabar berilganidek, mart oyi boshida respublika hududlarida havo harorati keskin sovib ketgani sababli tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan oylik bazaviy meʼyor 15-martga qadar uzaytirilgan edi.

“Oʻzgidromet” maʼlumotiga koʻra, 16–20-mart kunlari respublika hududlarida kunduzi havo harorati +22°S gacha, kechasi esa +10°S atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan 16-martdan boshlab 1-noyabrga qadar har oy uchun 100 kub metrgacha tabiiy gaz bazaviy meʼyori amal qiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa bu tartib 1-oktyabrgacha saqlanadi.

Mart oyi boʻyicha hisob-kitobga koʻra, oyning birinchi yarmi (1–15-mart) uchun 500 kub metrlik bazaviy meʼyor proporsional taqsimlanganda 250 kub metrni tashkil etadi. Oyning ikkinchi yarmi (16–31-mart) uchun esa 100 kub metrlik bazaviy meʼyor proporsional ravishda 50 kub metrni tashkil etadi.

Shuning uchun ushbu 50 kub metr tabiiy gaz uchun ham aholi bazaviy tarif boʻyicha — 1 kub metr uchun 1000 soʻmdan toʻlov amalga oshiradi.

Tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha hisob-kitoblar yuzasidan yuzaga kelayotgan savollar boʻyicha “Hududgaztaʼminot” AJ va uning hududiy filiallari tomonidan tushuntirishlar berilmoqda.

Shuningdek, prezident qarorlariga muvofiq ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat tomonidan har oy kompensatsiya toʻlab beriladi.

Jumladan:

  • elektr energiyasi uchun — oyiga bazaviy meʼyordan ortiq 150 kVt·soatgacha;
  • tabiiy gaz uchun — qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha bazaviy meʼyordan ortiq sarflangan qismi uchun kompensatsiya beriladi.

Qayd etilishicha, avval kompensatsiyalar faqat qish oylarida amal qilgan boʻlsa, endilikda ular yil davomida har oy toʻlab beriladi.