Xususan, davlatimiz rahbarining asosiy talab­laridan biri karantin davrida ishlashni oʻrganishimiz kerakligi boʻldi. Bu har bir rahbar va hududlardagi hokimlar zimmasiga yuklatilgan vazifa. Qolaversa, aholi bandligini taʼminlash uchun ish oʻrinlari yaratish eng dolzarb masala ekanligi alohida qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, oxirgi ikki oyda chet eldan 70 mingga yaqin mehnat muhojiri yurtimizga qaytib kelgan. Ularning band­ligini taʼminlash ham kun tartibidagi muhim masala ekani aytildi. Shu bilan birga, bu yil 650 mingdan ortiq yigit-qiz kollej, akademik litsey va umumtaʼlim maktablarini bitiradi. Bu yoshlarni ish bilan taʼminlashda ­Prezidentimiz beshta mu­him yoʻnalishni belgilab berdi.

Ulardan biri — tadbirkorlarga yaqindan koʻmak berish orqali ish oʻrinlari yaratish. Bu borada yoshlarni kasbga tayyorlash, malakasini oshirish, roʻyxatdan oʻtkazish, zarur uskunalar bilan taʼminlashda turli grantlar mexanizmini joriy etish boʻ­yicha vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, 2019-yil davomida yangi tashkil etilgan 23 ming tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmayapti. Hududlardagi hokimliklar bilan birgalikda ularning muammolarini oʻrganib chiqib, aniqlangan kamchilik­larni bartaraf etish, faoliyatlarini tiklashga yordam berish orqali ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha ham topshiriqlar berildi.

Bugun yurtimizda davlat tashkilotlarining boʻsh turgan 1032 ta bino-inshooti mavjud. Prezidentimiz joylarda haligacha tadbirkorlarga yer va bino-inshootlar ajratishda koʻplab toʻsiqlar mavjudligini koʻrsatib oʻtdi. Bularni ochiq savdoga, elektron auksionga chiqarish jarayonlarini jonlantirish vazifasi qoʻyildi.

Yana bir yoʻnalish — ijtimoiy soha obyektlari. Bilamizki, ijtimoiy soha obyektlarining bugungi kunda foydalanilmayotgan yerlari bor. Biz joylarda ishchi guruhlar tarkibida tadbirkorlar bilan suhbatlashganimizda aksariyat hollarda ular yer, bino, inshoot yoki qoʻshimcha resurs mab­lagʻlar masalasida yordam soʻrashadi. Agar shu imkoniyatlar yaratilsa, ular faoliyatini yana-da kengaytirishi mumkinligini aytadi.

Yigʻilishda ana shu boʻsh turgan binolarni tadbirkorlarga berish, joylarda kichik sanoat korxonalari yaratish orqali ham ish oʻrinlari yaratish mumkinligi taʼkidlandi.

Prezidentimizning joriy yil 8-iyun kuni eʼlon qilingan “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori aholini tadbirkorlik faoliyatiga yana-da keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu qarorda oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga iyul oyidan boshlab koʻplab imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, Soliq kodeksiga muvofiq, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi belgilandi. Shuningdek, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxati kengaytirilib, 24 tadan 67 taga yetkazildi.

Bugungi kun holatiga koʻra, 47 ming 300 nafar fuqaro oʻzini oʻzi band qilish orqali roʻyxatga olingan boʻlsa, yil oxirigacha yana 200 ming kishining bandligini  taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilandi.

Nozim HUSANOV,

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri