Aholi bandligini taʼminlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 14 Iyun 2021 1771

    Toshkent shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi davom etmoqda. Haftalik doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan “Barqaror iqtisodiy oʻsishni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlashning dolzarb masalalari” mavzusiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi. Mazkur tadbirda mahalliy hamda xorijlik ekspertlar maʼruza, taklif va tavsiyalar bilan ishtirok etishdi.

    Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Jahon banki savdo, makro iqtisodiyot va investitsiya global amaliyoti iqtisodchisi Vinayak Nagaradj, XMTning Moskvadagi Byurosi eksperti Ramiro Pisarro, Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekistondagi milliy koordinatori Azizxon Xanxodjayev, tegishli vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari vakillari hamda OAV xodimlari qatnashdi.

    Xalqaro ekspert va mutaxassislar muloqot mavzusidan kelib chiqib, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, real daromadini oshirishga qaratilayotgan davlat darajasidagi yuksak eʼtiborni yuqori baholadilar.

    Qayd etilganidek, barqaror rivojlanish sohasidagi 8-maqsad sifatida “Samarali bandlikni oshirish hamda erkaklar va xotin-qizlarni munosib ish bilan taʼminlash asosida barqaror va umumqamrovli iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish” belgilangan. Ushbu maqsadning oʻzi 10 ta dolzarb yoʻnalishni qamrab olgan. Xususan, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmining aholi jon boshiga nisbatan hisoblaganda ikki baravar oʻsishiga erishish, barcha xotin-qizlar va erkaklarni, shu jumladan, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslarni barqaror va samarali bandlik hamda munosib ish bilan, shuningdek, teng qiymatli mehnat uchun teng ish haqi toʻlanishini taʼminlash ustuvor vazifalar sirasiga kiradi.

    Davra suhbatida mavzuga oid masalalarda xorij tajribalari, bu borada yurtimizda olib borilayotgan samarali faoliyat va islohotlarning istiqboli haqida batafsil axborotlar eshitildi. Tadbirda fuqarolar uchun xavfsiz mehnat sharoiti, aholining barcha qatlami uchun barqaror va munosib ish oʻrinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga koʻproq urgʻu berildi.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda mehnat bozorida roʻy berayotgan qator jiddiy oʻzgarishlar, xususan, ish bilan band boʻlganlar sonining 1,5 barobarga, ish beruvchilar soni 4,5 barobarga oshgani eʼtirof etildi, tizimdagi soʻnggi islohotlar, yangi moliyaviy mexanizmlar haqida maʼlumotlar berildi.

    Aholi bandligi va mehnat munosabatlariga oid bir qator huquqiy hujjatlar, jumladan Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 20-oktyabrda “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi “2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qarori, “Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish asoslari toʻgʻrisida”gi 187-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Hozirgi kunda esa, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda.

    Shu bilan birga, aholiga bandlik xizmati koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi, xotin-qizlar va yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, ularning bandligini taʼminlash boʻyicha yaratilayotgan imkoniyatlar, jumladan, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari” toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

    Davra suhbati yakunida deputatlar, masʼul vazirlik va idora vakillari, xalqaro ekspert va mutaxassislar tomonidan samarali bandlikni oshirish hamda erkaklar va xotin-qizlarni munosib ish bilan taʼminlash asosida barqaror va keng qamrovli iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish boʻyicha tegishli taklif va xulosalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.