Bugun jahon iqtisodiy manzarasi aynan shu haqiqatni keskin eslatmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar, savdo cheklovlari va global logistikadagi uzilishlar sharoitida tashqi bozorlar imkoniyat emas, balki tavakkal omiliga aylanib bormoqda.
Dunyo iqtisodiyoti endi “kim koʻproq eksport qiladi?” degan savoldan “kim ichki talabni saqlab qola oladi?” degan savolga oʻtyapti. Chunki inqiroz sharoitida ishlab chiqarish emas, balki sotib olish qobiliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Agar ichki bozorda talab boʻlmasa, fabrikalar ham ishlamaydi. Isteʼmolchi kutish holatiga oʻtsa, iqtisodiyot ham kutish rejimiga kiradi.
Ichki bozor koʻpincha iqtisodiy siyosatda ikkilamchi masala sifatida koʻriladi. Aslida, u barcha iqtisodiy jarayonlarning boshlanish nuqtasidir.
Ichki bozor faqat mahsulot va xizmatlar yigʻindisi emas, balki jamiyatning iqtisodiy refleksi, yaʼni muammolarga ichkaridan javob berish qobiliyati. U qanchalik faol boʻlsa, iqtisodiyot shunchalik moslashuvchan boʻladi.
Bugungi murakkab global vaziyatda ichki bozorda talabni rivojlantirish iqtisodiy siyosatning alohida yoʻnalishi emas, balki barqaror taraqqiyotning markaziy tayanchiga aylanmoqda. Bu tashqi omillarga moslashish emas, balki ichki kuchga tayangan ongli tanlovdir.
Ana shunday murakkab va tez oʻzgaruvchan global iqtisodiy muhitda davlat siyosati tasodifiy qarorlarga emas, aniq ustuvorliklarga tayanishni talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi bugungi voqelikka berilgan baho va ertangi kunga qaratilgan aniq “yoʻl xaritasi” sifatida namoyon boʻldi. Unda iqtisodiy rivojlanish masalalari umumiy shiorlar darajasida emas, balki real xavf-xatarlar va ichki imkoniyatlar hisobga olingan holda qoʻyildi.
Murojaatnomada joriy yil uchun belgilangan ustuvor yoʻnalishlar orasida ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish masalasi alohida taʼkidlangani bejiz emas. Bu tanlov iqtisodiy siyosatni ichki manbalarga tayanish asosida qurishga qaratilgan strategik yondashuvdir. Chunki aynan ichki talab barqaror boʻlgan sharoitda ishlab chiqarish uzluksiz ishlaydi, tadbirkorlik faolligi saqlanadi va bandlik taʼminlanadi.
Mazkur ustuvor yoʻnalish mamlakat iqtisodiyotini tashqi silkinishlarga nisbatan bardoshli qilish, ichki tayanchlarini kuchaytirish va uzoq muddatli barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan muhim konseptual qaror.
Ichki talabni ragʻbatlantiruvchi omillar orasida inflyatsiya darajasi hal qiluvchi oʻrin tutadi. Chunki inflyatsiya nazoratdan chiqsa, daromad oʻsishi ahamiyatini yoʻqotadi, isteʼmol esa cheklanadi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, soʻnggi toʻqqiz yilda inflyatsiya darajasining “bir xonali” raqamga tushirilishi tasodif emas, balki izchil iqtisodiy siyosat natijasi. Narx-navoni jilovlash aholi xarid qobiliyatini saqlab qolish, demakdir.
Mazkur davr mobaynida qulay biznes muhiti yaratilishi, tovar va xizmatlar turining kengayishi, aholi daromadining oshishi va kambagʻallikning keskin qisqarishi ichki bozor uchun mustahkam asos boʻldi. Kam daromadli oilalar uchun yiliga kamida 1 milliard dollar miqdorida kam foizli kredit ajratilayotgani ham talabni sunʼiy emas, tabiiy ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda. Natijada aholining xarid qobiliyati ikki baravar oʻsdi.
Oʻtkazilgan soʻrovlar va xalqaro ekspertlar tahlillariga koʻra, aholining 75 foizi oʻz moliyaviy holati sezilarli darajada yaxshilanganini tan olmoqda. Raqamlar ortida bir haqiqat yotibdi: ichki talab bugun iqtisodiyotni olgʻa yetaklayotgan asosiy kuchga aylanmoqda.
Tahlillar aholi daromadi 10 foiz oshsa, isteʼmol oʻrtacha 8 foiz koʻpayishini koʻrsatadi. Bu esa faqat isteʼmol emas, balki yangi mahsulotlar, yangi xizmatlar, qoʻshimcha ish oʻrinlari va iqtisodiyotda yangi quvvatlar degani. Shu maʼnoda, ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish joriy yil uchun belgilangan ustuvor yoʻnalish emas, balki iqtisodiy oʻsishning tabiiy lokomotivi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Bunyodkorlikdan bozorgacha yoʻl
Ichki bozorning mohiyati iqtisodiyotning turli qatlamlarini uygʻunlashtirib, uzluksiz harakatni taʼminlaydi. Aholi ehtiyojidan kelib chiqib iqtisodiyotdagi eng katta talab uy- joy sohasiga toʻgʻri keladi. Bugun mamlakatimizda qad koʻtarayotgan koʻp qavatli uylar, yangi xizmat obyektlari va ipoteka dasturlari aholining turmush sharoiti yaxshilanishi, shuningdek, iqtisodiy barqarorlikning aniq koʻrsatkichidir. Uy-joyga talab ortishi qurilish materiallari, elektr texnikasi, mebel va xizmatlar bozorlariga yangi imkoniyatlar ochadi.
Shu bois, bu yilda ipoteka uchun 23 trillion soʻmlik moliyaviy resurs ajratish rejalashtirilmoqda. Bu nafaqat uy-joy qurilishini rivojlantirish, balki ichki talabni ragʻbatlantirishning aniq va samarali vositasidir. Uy-joy xarid qilishda boshlangʻich toʻlov va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard soʻmlik subsidiya ajratilishi ham aholining xarid qobiliyatini mustahkamlaydi. Shuningdek, bitta kvartira uchun imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15 foiz oshirilishi talabni barqaror va uzluksiz ragʻbatlantirishning yana bir muhim omilidir.
Kelgusi yilda 140 mingta koʻp qavatli kvartira qurilishi rejalashtirilgani shunga yaqqol misol: bu aholining uy-joyga ehtiyojini taʼminlash barobarida roʻzgʻor uchun zarur isteʼmol tovarlariga talabni ham oshiradi. Mazkur talabni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2026-yilda joriy yilgi 104 trillion soʻm oʻrniga 125 trillion soʻmlik isteʼmol krediti ajratish koʻzda tutilmoqda.
Qurilish ishlari hajmini 11 foiz koʻpaytirib, 30 milliard dollarga yetkazish rejasi ham iqtisodiyotda quvvatni sezilarli darajada oshirilishi qurilish materiallari, uy- roʻzgʻor uchun toʻqimachilik mahsulotlari, elektr texnikasi, mebelsozlik kabi tarmoqlarga qoʻshimcha bozor yaratish bilan birga ushbu obʼyektlarga xizmat koʻrsatuvchi sohalar uchun ham qoʻshimcha imkoniyatlar ochadi. Hisob-kitoblarga koʻra, bu 5 milliard dollarlik qoʻshimcha bozor va 300 mingta yangi ish oʻrni demakdir.
Uy-joy sohasiga qaratilgan bu investitsiya nafaqat aholining asosiy ehtiyojini qondirish, balki ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish, iqtisodiyotni uzluksiz harakatda ushlab turish va yangi ish oʻrinlari ochishda hal qiluvchi qudratli mexanizm sifatida namoyon boʻlmoqda. Bu ham ichki bozorni rivojlantirish va barqaror iqtisodiy oʻsishning aniq va amaliy koʻrinishi.
Yangi imkoniyatlar oqimi
Aholi daromadi oshishi isteʼmolni va xizmatlarga talabni ham sezilarli darajada ragʻbatlantirmoqda. Shu bois, servis sohasi iqtisodiyotning yangi drayveriga aylanmoqda. Faqat oʻtgan yilning oʻzida xizmatlar hajmi qariyb 15 foiz oʻsib, 82 milliard dollarga yetdi. Bu koʻrsatkich aholining sarflash qobiliyati va xizmatlarga ishonchi oshgani dalolatidir.
Xizmatlarga talabni ragʻbatlantirish va bozorni kengaytirish maqsadida joriy yilda sohaga 85 trillion soʻmlik kredit va 9 trillion soʻmlik subsidiya ajratish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, aholi hayotining asosiy sohalaridan biri — taʼlim xizmatlari uchun byudjetdan 7 trillion soʻm ajratiladi. Bu esa xizmat sifati va imkoniyatlarni kengaytirish barobarida aholining isteʼmol imkoniyatini mustahkamlaydi.
Turizm sohasi ham ichki talab va xizmatlar bozorini rivojlantirishda muhim drayverga aylanmoqda. Keyingi besh yilda xorijlik sayyohlar sonini ikki baravar — 11 milliondan 20 millionga koʻpaytirish, shu bilan birga, turizm xizmatlari qiymatini 20 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olinmoqda. Bu valyutani jalb qilish, ichki servis va infratuzilmani rivojlantirish uchun ham yangi quvvatlar yaratadi.
Xizmatlar sohasi iqtisodiyotni barqaror qoʻllab-quvvatlovchi kuchga aylanib, ichki talabni ragʻbatlantirishda, aholi daromadi va sarflash qobiliyatini iqtisodiy harakatga keltirishda hal qiluvchi elementga aylanmoqda.
Joriy yilda tadbirkorlarning 4 milliard dollarlik 3500 dan ziyod yangi servis obyektini ishga tushirish moʻljallanmoqda. Bu aholiga xizmat koʻrsatish koʻlamini kengaytirish, ichki talabni kuchaytirish va iqtisodiyotda yangi quvvatlar yaratish imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, turizm maskanlarini tashkil qilish maqsadida kelgusi uch yilda 5000 gektar yer auksionga chiqarilishi ham rejalashtirilishi sayyohlik infratuzilmani kengaytirish va investitsiyalarni jalb qilish uchun strategik qadamdir.
Joriy yildan “Oʻzbekiston merosi mehmonxonalari” dasturi yoʻlga qoʻyiladi. Madaniy meros obyektlarida xususiy sheriklik asosida “butik mehmonxona” tashkil qilish uchun nufuzli mehmonxona tarmoqlari jalb qilinadi. Dastur ishtirokchilariga yer, mulk, foyda soligʻi va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berilishi investitsiyalarni ragʻbatlantirish, turizmda sifat va raqobatni oshirish uchun katta ragʻbatdir. Bu tashabbuslar hisobiga joriy yilda xizmatlar bozori hajmini 100 milliard dollardan oshirish rejalashtirilmoqda.
Turistlar oqimi tobora oshib borayotgani aviatsiya va temir yoʻldagi yoʻlovchi tashish quvvatini ikki baravar koʻpaytirishni talab qilmoqda. Shu bois, bu yil aviaparkdagi havo kemalari sonini 105 tadan 120 taga yetkazish va mahalliy aviaqatnovlarni koʻpaytirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Narxidan qatʼi nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratilishi — chipta narxini pasaytirish va talabni barqaror ragʻbatlantirish uchun samarali mexanizm.
Yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, texnik xizmat koʻrsatuvchilar va aeroportlardagi boshqaruv mutaxassislarini tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti ochiladi. Bu nafaqat aviatsiya sohasida kadrlar zaxirasini mustahkamlaydi, balki ichki talab va turistik sektorni qoʻllab-quvvatlovchi yuqori malakali kadrlar bazasini yaratadi.
Yangi xizmat va turizm infratuzilmasiga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalar nafaqat bozorni kengaytirish, balki ichki talabni barqaror ragʻbatlantirish, turizmni rivojlantirish va iqtisodiyotni yangi drayverlar bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Ichki bozorni rivojlantirish va iqtisodiy oʻsishni barqaror qoʻllab-quvvatlashda transport infratuzilmasi muhim drayver. Shu bois, navbatdagi besh yillikda ishlab chiqilgan ichki temir yoʻllar dasturi mamlakat iqtisodiyotiga yangi surʼat baxsh etadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bogʻlash maqsadida bu yildan yana 500 kilometr temir yoʻl qurish ishlariga kirishiladi. Shuningdek, kelgusi yilda 110 kilometr temir yoʻl tarmogʻi barpo etiladi hamda Boʻka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari va Nurafshon shahri poytaxt bilan bogʻlanadi.
Toshkent — Samarqand yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlari uchun yangi temir yoʻl liniyasini qurish ham boshlanadi. Shu bilan birga, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Navoiydagi vokzallar xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilinishi rejalashtirilmoqda. BMT tahliliga koʻra, sifati yuqori yoʻllar iqtisodiyotimiz oʻsishiga kamida 2 foizlik toʻsiqsiz turtki beradi.
Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini oshirish maqsadida ham besh yillik dastur ishlab chiqildi. Unga koʻra, Andijon — Qoʻngʻirot, Toshkent — Termiz, Samarqand — Shahrisabz va Olot — Sariosiyo yoʻnalishi boʻyicha 4000 kilometrli magistral yoʻl xalqaro standartlarga mos avtobanlarga aylantiriladi. 2026-yilning oʻzida Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodan oʻtgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometrli yoʻl rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda.
Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon, Toshkent — Boʻstonliq, Pungʻon — Namangan va Qarshi — Shahrisabz yoʻnalishlarida yuqori tezlikda harakatlanish uchun 800 kilometrli yoʻl qurishga tayyorgarlik koʻrildi. Qolgan 1200 kilometr yoʻl 2030-yilga qadar xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda qayta yotqiziladi.
Yoʻl qurilishida aholining fikri, transport qatnovining atrof-muhitga taʼsiri hamda piyodalar uchun toʻsiqsiz muhit yaratish kabi talablar qonun darajasida mustahkamlanadi. Shuningdek, yoʻl qurilishida ilgʻor texnologiya va standartlarni joriy qilish ustuvor vazifa etib belgilanmoqda.
Temir yoʻl va avtomobil infratuzilmasini rivojlantirish nafaqat logistika va transport salohiyatini kuchaytirib, ichki bozorni har qadamda qoʻllab-quvvatlash, balki iqtisodiyotda yangi drayverlar — qurilish, xizmat, turizm va ishlab chiqarish sohalari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
Aholining daromadi koʻpayib, xorijlik turistlar oqimi tobora ortib borayotgani kelgusi besh yilda oziq-ovqat mahsulotlariga talabni 1,5 baravar oshirishni taqozo qilmoqda. Shu bois, qishloq xoʻjaligi sohasida hajmni hozirgi 40 milliard dollardan 60 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olinadi.
Yangi yilda qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlashga 52 trillion soʻm ajratish rejalashtirilgan. Shu mablagʻ hisobiga bozorni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil oʻn ikki oy barqaror narxlarda taʼminlaydigan yangi mexanizm — doimiy intervensiya tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Hududlardagi “Oziq-ovqat jamgʻarmalari”ga ajratilgan resursni 2,5 baravar koʻpaytirib, 500 milliard soʻmga yetkazish ham moʻljallanmoqda. Shuningdek, meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan mingta mahallada sigʻimi 100 tonnacha boʻlgan kichik sovitkichli omborlar barpo etiladi. Bu qadamlar mahsulotlarning barqarorligini taʼminlash bilan birga ularning sifati va yangi texnologiyalar asosida zaxiralanishini ham kafolatlaydi.
Bularning barchasi kelgusi yili inflyasiya darajasini 6-6,5 foiz tushirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, aholi daromadi va isteʼmol qobiliyati oʻsishi, ichki bozordagi barqarorlik va ishonch hamda iqtisodiyotni yangi drayverlar bilan taʼminlash birgalikda amalga oshiriladi.
Ichki bozorni ragʻbatlantirish va aholi turmushi sifatiga xizmat qiluvchi barcha chora-tadbirlar oʻzaro uzviy bogʻliq. Daromadning oʻsishi, uy-joy va ipoteka sohasidagi investisiyalar, xizmatlar va turizm infratuzilmasi, transport va logistika yoʻllari hamda qishloq xoʻjaligidagi samaradorlikni oshirish choralari birgalikda iqtisodiyotning yangi drayverlarini yaratadi.
Joriy yildan boshlab joriy etilayotgan barqaror intervensiya tizimi, imtiyozli ipoteka, xizmat va turizm subsidiyalari, transport infratuzilmasi hamda qishloq xoʻjaligi mablagʻlari aholiga ishonch va sarflash qobiliyatini oshirish, ichki talabni barqaror ragʻbatlantirish, yangi ish oʻrinlari va qoʻshimcha iqtisodiy quvvatlar ochishga xizmat qiladi.
Shu maʼnoda, ichki bozorni rivojlantirish iqtisodiyotni uzluksiz harakatda ushlab turish bilan birga mamlakatning geosiyosiy va iqtisodiy tez oʻzgaruvchan vaziyatda ham barqarorligini taʼminlaydigan asosiy omilga aylanmoqda. Bu esa odamlar turmush darajasini yanada yuksaltirish, iqtisodiyotda yangi quvvatlar yaratish va Oʻzbekistonni global bozorda raqobatbardosh davlatga aylantirish yoʻlida muhim qadamdir.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri