Bugun jahon iqtisodiy manzarasi aynan shu haqiqatni keskin eslatmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar, savdo cheklovlari va global logistikadagi uzilishlar sharoitida tashqi bozorlar imkoniyat emas, balki tavakkal omiliga aylanib bormoqda.

Dunyo iqtisodiyoti endi “kim koʻproq eksport qiladi?” degan savoldan “kim ichki talabni saqlab qola oladi?” degan savolga oʻtyapti. Chunki inqiroz sharoitida ishlab chiqarish emas, balki sotib olish qobiliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb eta­di. Agar ichki bozorda talab boʻlmasa, fabrikalar ham ishlamaydi. Isteʼmolchi kutish holatiga oʻtsa, iqtisodiyot ham ku­tish rejimiga kiradi.

Ichki bozor koʻpincha iqtisodiy siyosat­da ikkilamchi masala sifatida koʻriladi. Aslida, u barcha iqtisodiy jarayonlarning boshlanish nuqtasidir.

Ichki bozor faqat mahsulot va xizmatlar yigʻindisi emas, balki jamiyatning iqtisodiy refleksi, yaʼni muammolarga ichkaridan ja­vob berish qobiliyati. U qanchalik faol boʻlsa, iqtisodiyot shunchalik moslashuvchan boʻladi.

Bugungi murakkab global vaziyatda ichki bozorda talabni rivojlantirish iqtisodiy siyosatning alohida yoʻnalishi emas, balki barqaror taraqqiyotning markaziy tayanchiga aylanmoqda. Bu tashqi omillarga moslashish emas, balki ichki kuchga tayangan ongli tanlov­dir.

Ana shunday murakkab va tez oʻzgaruvchan global iqtisodiy muhitda davlat siyosati taso­difiy qarorlarga emas, aniq ustuvorliklarga tayanishni talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi bugungi voqelikka berilgan baho va ertangi kunga qa­ratilgan aniq “yoʻl xaritasi” sifatida namoyon boʻldi. Unda iqtisodiy rivojlanish masalala­ri umumiy shiorlar darajasida emas, balki real xavf-xatarlar va ichki imkoniyatlar hi­sobga olingan holda qoʻyildi.

Murojaatnomada joriy yil uchun belgilan­gan ustuvor yoʻnalishlar orasida ichki bozor­da talabni ragʻbatlantirish masalasi alohida taʼkidlangani bejiz emas. Bu tanlov iqtiso­diy siyosatni ichki manbalarga tayanish asosi­da qurishga qaratilgan strategik yondashuvdir. Chunki aynan ichki talab barqaror boʻlgan sha­roitda ishlab chiqarish uzluksiz ishlaydi, tadbirkorlik faolligi saqlanadi va bandlik taʼminlanadi.

Mazkur ustuvor yoʻnalish mamlakat iqtiso­diyotini tashqi silkinishlarga nisbatan bar­doshli qilish, ichki tayanchlarini kuchaytirish va uzoq muddatli barqaror taraqqiyotni taʼ­minlashga qaratilgan muhim konseptual qaror.

Ichki talabni ragʻbatlantiruvchi omillar orasida inflyatsiya darajasi hal qiluvchi oʻrin tutadi. Chunki inflyatsiya nazoratdan chiqsa, da­romad oʻsishi ahamiyatini yoʻqotadi, isteʼmol esa cheklanadi. Davlatimiz rahbari taʼkidla­ganidek, soʻnggi toʻqqiz yilda inflyatsiya dara­jasining “bir xonali” raqamga tushirilishi tasodif emas, balki izchil iqtisodiy siyosat natijasi. Narx-navoni jilovlash aholi xarid qobiliyatini saqlab qolish, demakdir.

Mazkur davr mobaynida qulay biznes muhi­ti yaratilishi, tovar va xizmatlar turining kengayishi, aholi daromadining oshishi va kambagʻallikning keskin qisqarishi ichki bo­zor uchun mustahkam asos boʻldi. Kam daromad­li oilalar uchun yiliga kamida 1 milliard dollar miqdorida kam foizli kredit ajra­tilayotgani ham talabni sunʼiy emas, tabiiy ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda. Natijada aholining xarid qobiliyati ikki baravar oʻsdi.

Oʻtkazilgan soʻrovlar va xalqaro ekspert­lar tahlillariga koʻra, aholining 75 foizi oʻz moliyaviy holati sezilarli darajada yaxshi­langanini tan olmoqda. Raqamlar ortida bir haqiqat yotibdi: ichki talab bugun iqtisodiyot­ni olgʻa yetaklayotgan asosiy kuchga aylanmoqda.

Tahlillar aholi daromadi 10 foiz oshsa, isteʼmol oʻrtacha 8 foiz koʻpayishini koʻrsa­tadi. Bu esa faqat isteʼmol emas, balki yangi mahsulotlar, yangi xizmatlar, qoʻshimcha ish oʻrinlari va iqtisodiyotda yangi quvvatlar dega­ni. Shu maʼnoda, ichki bozorda talabni ragʻbat­lantirish joriy yil uchun belgilangan ustuvor yoʻnalish emas, balki iqtisodiy oʻsishning ta­biiy lokomotivi sifatida namoyon boʻlmoqda.

Bunyodkorlikdan bozorgacha yoʻl

Ichki bozorning mohiyati iqtisodiyotning turli qatlamlarini uygʻunlashtirib, uzluksiz harakatni taʼminlaydi. Aholi ehtiyojidan ke­lib chiqib iqtisodiyotdagi eng katta talab uy- joy sohasiga toʻgʻri keladi. Bugun mamlakati­mizda qad koʻtarayotgan koʻp qavatli uylar, yangi xizmat obyektlari va ipoteka dasturlari aholi­ning turmush sharoiti yaxshilanishi, shuningdek, iqtisodiy barqarorlikning aniq koʻrsatkichi­dir. Uy-joyga talab ortishi qurilish materiallari, elektr texnikasi, mebel va xizmatlar bo­zorlariga yangi imkoniyatlar ochadi.

Shu bois, bu yilda ipoteka uchun 23 tril­lion soʻmlik moliyaviy resurs ajratish re­jalashtirilmoqda. Bu nafaqat uy-joy quri­lishini rivojlantirish, balki ichki talabni ragʻbatlantirishning aniq va samarali vosi­tasidir. Uy-joy xarid qilishda boshlangʻich toʻlov va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard soʻmlik subsidiya ajratilishi ham aholining xarid qobiliyatini mustahkamlaydi. Shuningdek, bitta kvartira uchun imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15 foiz oshirilishi talabni barqa­ror va uzluksiz ragʻbatlantirishning yana bir muhim omilidir.

Kelgusi yilda 140 mingta koʻp qavatli kvar­tira qurilishi rejalashtirilgani shunga yaqqol misol: bu aholining uy-joyga ehtiyojini taʼ­minlash barobarida roʻzgʻor uchun zarur isteʼ­mol tovarlariga talabni ham oshiradi. Mazkur talabni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2026-yilda joriy yilgi 104 trillion soʻm oʻrniga 125 trillion soʻmlik isteʼmol krediti ajratish koʻzda tutilmoqda.

Qurilish ishlari hajmini 11 foiz koʻpay­tirib, 30 milliard dollarga yetkazish rejasi ham iqtisodiyotda quvvatni sezilarli dara­jada oshirilishi qurilish materiallari, uy- roʻzgʻor uchun toʻqimachilik mahsulotlari, elektr texnikasi, mebelsozlik kabi tarmoqlarga qoʻ­shimcha bozor yaratish bilan birga ushbu obʼ­yektlarga xizmat koʻrsatuvchi sohalar uchun ham qoʻshimcha imkoniyatlar ochadi. Hisob-kitoblar­ga koʻra, bu 5 milliard dollarlik qoʻshimcha bo­zor va 300 mingta yangi ish oʻrni demakdir.

Uy-joy sohasiga qaratilgan bu investitsiya nafaqat aholining asosiy ehtiyojini qondi­rish, balki ichki bozorda talabni ragʻbatlanti­rish, iqtisodiyotni uzluksiz harakatda ushlab turish va yangi ish oʻrinlari ochishda hal qiluv­chi qudratli mexanizm sifatida namoyon boʻl­moqda. Bu ham ichki bozorni rivojlantirish va barqaror iqtisodiy oʻsishning aniq va amaliy koʻrinishi.

Yangi imkoniyatlar oqimi

Aholi daromadi oshishi isteʼmolni va xiz­matlarga talabni ham sezilarli darajada ragʻ­batlantirmoqda. Shu bois, servis sohasi iqti­sodiyotning yangi drayveriga aylanmoqda. Faqat oʻtgan yilning oʻzida xizmatlar hajmi qariyb 15 foiz oʻsib, 82 milliard dollarga yetdi. Bu koʻr­satkich aholining sarflash qobiliyati va xizmat­larga ishonchi oshgani dalolatidir.

Xizmatlarga talabni ragʻbatlantirish va bozorni kengaytirish maqsadida joriy yilda sohaga 85 trillion soʻmlik kredit va 9 trillion soʻmlik subsidiya ajratish rejalashti­rilmoqda. Shuningdek, aholi hayotining asosiy sohalaridan biri — taʼlim xizmatlari uchun byudjetdan 7 trillion soʻm ajratiladi. Bu esa xizmat sifati va imkoniyatlarni kengaytirish barobarida aholining isteʼmol imkoniyatini mustahkamlaydi.

Turizm sohasi ham ichki talab va xizmatlar bozorini rivojlantirishda muhim drayver­ga aylanmoqda. Keyingi besh yilda xorijlik sayyohlar sonini ikki baravar — 11 million­dan 20 millionga koʻpaytirish, shu bilan bir­ga, turizm xizmatlari qiymatini 20 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olin­moqda. Bu valyutani jalb qilish, ichki servis va infratuzilmani rivojlantirish uchun ham yangi quvvatlar yaratadi.

Xizmatlar sohasi iqtisodiyotni barqaror qoʻllab-quvvatlovchi kuchga aylanib, ichki talab­ni ragʻbatlantirishda, aholi daromadi va sarf­lash qobiliyatini iqtisodiy harakatga kelti­rishda hal qiluvchi elementga aylanmoqda.

Joriy yilda tadbirkorlarning 4 milliard dollarlik 3500 dan ziyod yangi servis obyekti­ni ishga tushirish moʻljallanmoqda. Bu aholi­ga xizmat koʻrsatish koʻlamini kengaytirish, ichki talabni kuchaytirish va iqtisodiyotda yangi quvvatlar yaratish imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, turizm maskanlarini tashkil qilish maqsadida kelgusi uch yilda 5000 gektar yer auksionga chiqarilishi ham rejalashtiri­lishi sayyohlik infratuzilmani kengaytirish va investitsiyalarni jalb qilish uchun strate­gik qadamdir.

Joriy yildan “Oʻzbekiston merosi mehmon­xonalari” dasturi yoʻlga qoʻyiladi. Madaniy meros obyektlarida xususiy sheriklik asosida “butik mehmonxona” tashkil qilish uchun nufuz­li mehmonxona tarmoqlari jalb qilinadi. Dastur ishtirokchilariga yer, mulk, foyda soligʻi va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berilishi investitsiyalarni ragʻbatlantirish, turizmda si­fat va raqobatni oshirish uchun katta ragʻbatdir. Bu tashabbuslar hisobiga joriy yilda xizmatlar bozori hajmini 100 milliard dollardan oshi­rish rejalashtirilmoqda.

Turistlar oqimi tobora oshib borayotga­ni aviatsiya va temir yoʻldagi yoʻlovchi tashish quvvatini ikki baravar koʻpaytirishni talab qilmoqda. Shu bois, bu yil aviaparkdagi havo kemalari sonini 105 tadan 120 taga yetkazish va mahalliy aviaqatnovlarni koʻpaytirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Narxidan qatʼi nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratilishi — chipta narxini pasaytirish va talabni barqa­ror ragʻbatlantirish uchun samarali mexanizm.

Yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, texnik xizmat koʻrsatuvchilar va aeroportlardagi boshqaruv mutaxassislarini tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti ochiladi. Bu nafaqat aviatsiya sohasida kadrlar zaxirasini mustahkamlaydi, balki ichki talab va turistik sektorni qoʻllab-quvvatlovchi yuqori malakali kadrlar bazasini yaratadi.

Yangi xizmat va turizm infratuzilmasiga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalar nafaqat bo­zorni kengaytirish, balki ichki talabni barqa­ror ragʻbatlantirish, turizmni rivojlanti­rish va iqtisodiyotni yangi drayverlar bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Ichki bozorni rivojlantirish va iqti­sodiy oʻsishni barqaror qoʻllab-quvvatlashda transport infratuzilmasi muhim drayver. Shu bois, navbatdagi besh yillikda ishlab chiqilgan ichki temir yoʻllar dasturi mamlakat iqtisodiyotiga yangi surʼat baxsh etadi. Shahar­larni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bogʻlash maqsadida bu yildan yana 500 kilometr temir yoʻl qurish ishlariga kirishiladi. Shuningdek, kelgusi yilda 110 kilometr temir yoʻl tarmogʻi barpo etiladi hamda Boʻka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari va Nurafshon shahri poytaxt bilan bogʻlanadi.

Toshkent — Samarqand yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlari uchun yangi temir yoʻl liniyasini qurish ham boshlanadi. Shu bilan birga, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Navoiydagi vokzallar xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilinishi re­jalashtirilmoqda. BMT tahliliga koʻra, sifati yuqori yoʻllar iqtisodiyotimiz oʻsishiga kamida 2 foizlik toʻsiqsiz turtki beradi.

Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini oshirish maqsadida ham besh yillik dastur ishlab chiqildi. Unga koʻra, Andijon — Qoʻngʻirot, Toshkent — Termiz, Samarqand — Shahrisabz va Olot — Sariosiyo yoʻnalishi boʻyicha 4000 kilometrli magistral yoʻl xalqaro standartlarga mos avtobanlarga ay­lantiriladi. 2026-yilning oʻzida Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodan oʻtgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometrli yoʻl rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda.

Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andi­jon, Toshkent — Boʻstonliq, Pungʻon — Naman­gan va Qarshi — Shahrisabz yoʻnalishlarida yuqori tezlikda harakatlanish uchun 800 ki­lometrli yoʻl qurishga tayyorgarlik koʻrildi. Qolgan 1200 kilometr yoʻl 2030-yilga qadar xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik­da qayta yotqiziladi.

Yoʻl qurilishida aholining fikri, trans­port qatnovining atrof-muhitga taʼsiri hamda piyodalar uchun toʻsiqsiz muhit yaratish kabi talablar qonun darajasida mustahkamla­nadi. Shuningdek, yoʻl qurilishida ilgʻor tex­nologiya va standartlarni joriy qilish ustu­vor vazifa etib belgilanmoqda.

Temir yoʻl va avtomobil infratuzilma­sini rivojlantirish nafaqat logistika va transport salohiyatini kuchaytirib, ichki bo­zorni har qadamda qoʻllab-quvvatlash, balki iqtisodiyotda yangi drayverlar — qurilish, xizmat, turizm va ishlab chiqarish sohalari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

Aholining daromadi koʻpayib, xorijlik turistlar oqimi tobora ortib borayotgani kel­gusi besh yilda oziq-ovqat mahsulotlariga ta­labni 1,5 baravar oshirishni taqozo qilmoqda. Shu bois, qishloq xoʻjaligi sohasida hajmni hozirgi 40 milliard dollardan 60 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olinadi.

Yangi yilda qishloq xoʻjaligini qoʻl­lab-quvvatlashga 52 trillion soʻm ajratish re­jalashtirilgan. Shu mablagʻ hisobiga bozorni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil oʻn ikki oy barqaror narxlarda taʼminlaydigan yangi mexanizm — doimiy intervensiya tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Hududlardagi “Oziq-ovqat jamgʻarmalari”ga ajratilgan resursni 2,5 baravar koʻpaytirib, 500 milliard soʻmga yetkazish ham moʻljallan­moqda. Shuningdek, meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan mingta mahallada sigʻimi 100 tonnacha boʻlgan kichik sovitkichli omborlar barpo etiladi. Bu qadamlar mahsulotlarning barqarorligini taʼminlash bilan birga ular­ning sifati va yangi texnologiyalar asosida zaxi­ralanishini ham kafolatlaydi.

Bularning barchasi kelgusi yili inflya­siya darajasini 6-6,5 foiz tushirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, aholi daromadi va isteʼmol qobiliyati oʻsishi, ichki bozordagi barqarorlik va ishonch hamda iqtisodiyotni yangi drayverlar bilan taʼminlash birgalikda amalga oshiriladi.

Ichki bozorni ragʻbatlantirish va aholi turmushi sifatiga xizmat qiluvchi barcha chora-tadbirlar oʻzaro uzviy bogʻliq. Daromadning oʻsishi, uy-joy va ipoteka sohasidagi investi­siyalar, xizmatlar va turizm infratuzilmasi, transport va logistika yoʻllari hamda qishloq xoʻjaligidagi samaradorlikni oshirish chora­lari birgalikda iqtisodiyotning yangi dray­verlarini yaratadi.

Joriy yildan boshlab joriy etilayotgan barqaror intervensiya tizimi, imtiyozli ipo­teka, xizmat va turizm subsidiyalari, trans­port infratuzilmasi hamda qishloq xoʻjaligi mablagʻlari aholiga ishonch va sarflash qobi­liyatini oshirish, ichki talabni barqaror ragʻ­batlantirish, yangi ish oʻrinlari va qoʻshimcha iqtisodiy quvvatlar ochishga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, ichki bozorni rivojlanti­rish iqtisodiyotni uzluksiz harakatda ushlab turish bilan birga mamlakatning geosiyosiy va iqtisodiy tez oʻzgaruvchan vaziyatda ham barqa­rorligini taʼminlaydigan asosiy omilga ay­lanmoqda. Bu esa odamlar turmush darajasini yanada yuksaltirish, iqtisodiyotda yangi quvvat­lar yaratish va Oʻzbekistonni global bozorda raqobatbardosh davlatga aylantirish yoʻlida muhim qadamdir.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri