Unda senatorlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili, Oliy sud, Bosh prokuratura, Majburiy ijro byurosi, Adliya, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirliklari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Inson huquqlari boʻyicha milliy markazi, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda demokratik qadriyatlar, inson huquqlari va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari muhim omilga aylanmoqda.
Binobarin, jamiyatda manfaatlar muvozanatini taʼminlashga koʻmaklashishda hamda davlat va jamiyat boshqaruvida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning taʼsirchan va amaliy mexanizmlarini joriy etishda mazkur institutlarning ahamiyati beqiyosdir.
Davra suhbati davomida keyingi yillarda qabul qilingan qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin, barqaror va tizimli rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratganligi, ularning qabul qilinishi natijasida shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda vositachi sifatida ishtirok etuvchi, fuqarolarning turli ijtimoiy manfaatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashuvchi koʻplab nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati rivojlanib borganligi alohida taʼkidlandi.
Jumladan, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish – davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishi sifatida belgilangan.
Muloqot jarayonida inson huquqlarini taʼminlash koʻp hollarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari qanchalik toʻliq va qonun talablariga muvofiq amalga oshirilayotganiga bevosita bogʻliqligi, bunda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va ahamiyati katta ekanligi alohida taʼkidlandi.
Davra suhbati soʻnggida bu kabi muloqotlar aholining dolzarb muammolarini vakolatli davlat organlari vakillariga yetkazish, ularga oʻz faoliyatlarida isloh qilinishi zarur boʻlgan asosiy yoʻnalishlarni belgilashga xizmat qilishi aytib oʻtildi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari oʻrtasida umumiy muloqot platformasini yaratishga xizmat qiluvchi bu kabi tadbirlarni muntazam tashkil etishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.