Shu munosabat bilan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi Axborot xizmati ichki bozorda shakar narxlari to'g'risida ma'lumot berdi. Unda tashqi va ichki bozorlarda shakar narxining o'zgarish dinamikasi va unga ta'sir qiluvchi omillar keltirib o'tilgan.
Qo'shni va MDH mamlakatlarida narxlar oshishi, o'z navbatida, O'zbekiston ichki bozorida aholi va tadbirkorlar o'rtasida ham shakar narxi bo'yicha inflyatsion kutilmalar kuchayishiga muayyan ma'noda ta'sir ko'rsatuvchi omillardan bo'ldi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamda O'zbekiston iqtisodiyotining mintaqa va boshqa davlatlar iqtisodiyotlari bilan tashqi savdo borasida hamkorligi kengayib va erkinlashib borishi holatida mamlakat ichidagi narxlarni qo'shni davlatlardagiga nisbatan keskin farq qiluvchi darajada saqlab turishning deyarli imkoni bo'lmaydi.
Xususan, joriy yilda mamlakatimizda shakar ishlab chiqarish hajmi yanvar-may oylarida o'tgan yilning shu davriga nisbatan 35 ming tonna yoki 16 foiz ko'proq (224 ming tonnadan 259 ming tonnagacha oshgan), ya'ni taklif oshganiga qaramay (birja orqali sotilgan hajm 177 ming tonnadan 186 ming tonnagacha ko'paygan), shakar narxi, asosan, tashqi omillar ta'sirida o'sishi kuzatildi.
Bunga, birinchi navbatda, mazkur mahsulot va uning xomashyosini Markaziy Osiyo mintaqasiga yetkazib berish bo'yicha transport va logistika bilan bog'liq muammolar hamda yoqilg'i resurslari narxlari o'sishi ta'sir ko'rsatmoqda.
Vaziyat aslida qanday? Xavotir olishga qanchalik asos bor? Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan shakar aholi ehtiyojlarini ta'minlay olyaptimi? Aholini shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta'minlash uchun qanday choralar ko'rilmoqda?
Mazkur savollarga javob topish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari “Angren shakar” mas'uliyati cheklangan jamiyatida bo'lib, korxona faoliyati, ishlab chiqarish quvvati bilan yaqindan tanishdi.
O'zbekistonda shakar ishlab chiqaruvchi ikkita yirik zavod — “Xorazm shakar” va “Angren shakar” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat yuritadi. 2014 yilda tashkil etilgan “Angren shakar” yirik ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod.
“Angren shakar” MCHJ faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bu yerda shakar ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy nemis texnologiyasi, kompyuterlashtirilgan dastur asosida olib borilishiga guvoh bo'ldik. Korxonada operatorlar maxsus texnologiyalar va komp`yuterlar vositasida shakar ishlab chiqarish jarayonini masofadan turib boshqaradi, jarayonni nazorat qiladi. Zavodda 650 kishi ishlaydi. Ish to'rt navbatda tashkil etilgan. Korxonada ikki xil — ekstra va TS2 turdagi shakar ishlab chiqariladi.
— “Angren shakar”ning ishlab chiqarish quvvati bir kecha kunduzda ming tonnani tashkil etadi, — deydi zavod bosh texnologi Bahrom Qurbonov. — Hozirgi paytda aholining shakarga bo'lgan talabini qondirish maqsadida korxonamiz bir sutkada 1100 tonna shakar ishlab chiqaryapti. Har oyda 30 ming tonnadan ziyod mahsulot tayyorlanyapti. Bu yiliga 360 ming tonna degani. Demakki, aholi ortiqcha xavotir olishiga asos yo'q. Biz barcha imkoniyatlarimizni ishga solgan holda aholini shakar bilan uzluksiz ta'minlayapmiz. Buning uchun bizda etarli xomashyo bor. Omborlarimizda tayyor mahsulot zaxirasi ko'p.
Mazkur korxonada shakar tarkibida saxaroza sofligiga nihoyatda katta e'tibor qaratiladi. Davlat standarti talabi bo'yicha shakar tarkibida saxaroza miqdori 99,7 foizdan kam bo'lmasligi kerak. Ayni paytda korxona mahsulotida bu ko'rsatkich 99,8 foizdan baland. Shakarqamish, asosan, Braziliya, shuningdek, Meksika, Argentinadan ham keltirilyapti.
Statistik ma'lumotlarga qaraganda, mamlakatimiz aholisining shakarga bir yillik ehtiyoji 650 ming tonnadir. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi joriy yilda shakar ishlab chiqarish hajmi 720 ming tonna yoki o'tgan yildagiga nisbatan 22 foiz ko'proqni tashkil etishini ma'lum qildi. Demakki, aholining shakarga talabi uzluksiz qondirilishi uchun imkoniyat va salohiyat etarli darajada. Shunday ekan, tashvishlanishga hojat yo'q.
Shahzod G'afforov,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri