Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Alisher Maqsudov 2021-yil 26-iyul kuni Sergeli tumanidagi “Oʻzgarish” mahallasida poytaxt aholisi uchun sayyor qabul oʻtkazgan edi. Ana shu tadbir davomida qoʻmita raisi koʻrib chiqilayotgan masalalar qanday yechim topgani bir haftadan keyin qayta muhokama qilinishini maʼlum qilgandi.
Bugun, yaʼni 2-avgust kuni mazkur mahallada ekologiyaga oid masalalar boʻyicha navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Oldingi muloqotda koʻtarilgan 21 ta masalaning 14 tasi bajarilgani, 5 ta muammoni bartaraf etishi boʻyicha Ishchi guruhlari faoliyat olib borayotgani, 2 ta masala boʻyicha murojaatchilarga tushuntirish berilgani taʼkidlandi.
Koʻrilgan choralar tufayli Sergeli va Yakkasaroy tumanlarining ayrim hududlarida tarqalayotgan badboʻy hid 70-80 foizga kamaygani eʼtirof etildi. Uni butunlay yoʻqotish boʻyicha tegishli tashkilotlar amalga oshirilayotgan rejalar xususida soʻz yuritildi.
Navbatdagi qabulda esa Bektemir suv tozalash inshooti bilan bogʻliq noqulayliklar, Uchtepa tumani Shirin mahallasidagi daraxtlarni sugʻorish uchun oqar suv keltirish, Yunusobod tumani «Buyuk Turon» mahallasidagi daraxtlarning qurib ketgan shoxlarini butalash kabi 15 ta masala koʻrib chiqildi.
Har bir masalaning yechimi boʻyicha masʼullarga aniq vazifalar berildi. Ular qanday bajarilgani 7 kundan keyin yana koʻrib chiqiladi.