“Aholi ro‘yxati ma'lumotlaridan barqaror rivojlanish maqsadlarida foydalanish yo‘nalishlari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi

    Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Respublikada umumiy aholi ro‘yxatini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

    Mazkur konsepsiyada “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi haqida ishonchli maʼlumotlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli prognozlar, davlat maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish, milliy barqaror rivojlanish ko‘rsatkichlarini shakllantirish, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish jarayonlarini o‘rganish kabi mavzular xususida so‘z boradi.

    Mustaqillik yillarida mamlakatda birinchi marotaba aholini ro‘yxatga olish jarayoni Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-sonli qaroriga muvofiq 2023-yilda o‘tkazilishi belgilangan.

    Aholini ro‘yxatga olish natijalari ijtimoiy infratuzilmani rejalashtirish, aholiga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, zaif guruhlar va geografik hududlarning ehtiyojlarini qondirish uchun dalillarga asoslangan siyosatni ishlab chiqish uchun ishlatilishi kutilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, aholini ro‘yxatga olish natijalarini tayyorlash va nashr etish davlat organlari, tahlil markazlari va boshqa manfaatdor tomonlarning analitik salohiyatini yaxshi rejalashtirish va rivojlantirishni talab qiluvchi juda muhim qadamdir.

    “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti BMTning O‘zbekistondagi Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) bilan 2021-yilga mo‘ljallangan umumiy ish rejasi doirasida joriy yilning 6-7- oktabr kunlari soha mutaxassislarining ro‘yxatga olish natijalarini ishlab chiqarishda va ulardan samarali foydalanishda imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb etgan holda xalqaro konferensiya tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ushbu konferensiya aholi maʼlumotlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro tajribani taqdim etish orqali O‘zbekistondagi maʼlumotlarni hisobga olish natijalarini samarali va to‘liq qo‘llash bo‘yicha, ularni GAT(geoaxborot tizimi) tematik namunaviy so‘rovlar yoki uyali maʼlumotlar kabi boshqa axborot manbalari bilan birgalikda taqdim etish imkoniyatini beradi.

    Mazkur anjumanda aholishunoslik sohasida faoliyat yuritayotgan 20 ga yaqin xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ushbu sohada erishilayotgan yutuqlar haqida xalqaro hamkorlarni xabardor qilish uchun qulay platforma yaratiladi. Bundan tashqari ikki kun mobaynida mahalliy mutaxassislar xorijlik hamkasblari tajribasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

    Konferensiya Rossiya Federatsiyasi tomonidan moliyalashtiriladigan “CISPop: sifatli maʼlumotlar – samarali siyosat” mintaqaviy dasturi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Konferensiya onlayn hamda offlayn formatda bo‘lib o‘tadi.

    Maʼlumot uchun: O‘zbekistonda so‘nggi ro‘yxatga olish 1989-yilda, yaʼni bundan 32 yil avval o‘tkazilgan.