Aholi roziligisiz Yunusobod tumani 8-mavzedagi qurilish amalga oshirilmaydi — hokimlik

    Mamlakatimizda 20 May 2023 1489

    Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanida 8-mavze,17, 19 va 20-uylar oraligʼida olib borilayotgan qurilish ishlaridan fuqarolarning noroziligi aks etgan xabarlar tarqaldi.

    Ushbu holat Toshkent shahar hokimligi va vakolatli davlat tashkilotlari tomonidan manzilga chiqib atroflicha oʼrganildi, deb yozadi hokimlik axborot xizmati.

    Aniqlanishicha, Toshkent shahar hokimining 2018-yil 5-fevraldagi 187-sonli qarori bilan "FRANCHISING INVEST" MChJga Yunusobod tumani, 8-mavze 17, 19 va 20-uylar oraligʼidagi 1,23 gektardan iborat yer maydoni mavjud avtoturargohni oʼz hisobidan buzish va oʼrnatilgan tartibda yetkazilgan zararlarni qoplash hamda aholining roziligini olish sharti bilan koʼp qavatli bino qurish uchun ajratib berilgan.

    Guvohi boʼlayotganingizdek, aholi roziligini olish muhim shart sifatida belgilangan. Shunga koʼra, quruvchi kompaniya bu hududdagi bunyodkorlik ishlarini shu hududda yashovchi aholining roziligi bilangina boshlashi mumkin.

    19-may kuni Qurilish tashkiloti Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi bosh boshqarmasi tomonidan qurilishni aholining roziligisiz boshlamaslik, aks holda loyiha va loyiha oldi hujjatlari bekor qilinishi xususida rasman ogohlantirildi.