Bunday tibbiy xizmatlar orqali aholida uchraydigan yuqumli hamda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta aniqlash, oldini olish va o‘z vaqtida davolashga erishiladi.
Davlat aholi salomatligini saqlash va hayot sifatini oshirish maqsadida qator islohotlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilishidan asosiy maqsad ham davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmiga kiritilgan xizmatlar xaridini yo‘lga qo‘yish.
Boshqa davlatlar amaliyotini kuzatadigan bo‘lsak, tibbiy sug‘urtaning bir necha turlari mavjud. Masalan, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Qozog‘istonda majburiy tibbiy sug‘urta, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Ukrainada esa davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etilgan. Xususan, Buyuk Britaniyada tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi umumiy soliq tushumlaridan moliyalashtirilib, aholiga bepul taqdim etiladi. Xarajatlarni esa Milliy salomatlik xizmati qoplaydi. Fransiyada aholiga tibbiy xizmatlar majburiy tibbiy sug‘urta asosida ko‘rsatiladi va ushbu tizim aholining qariyb 90 foizini qamrab olgan. Sug‘urtalangan shaxslar tibbiy yordam xarajatlarining 80 foizgacha bo‘lgan qismini Birlamchi tibbiy sug‘urta jamg‘armasi qoplab beradi.
Ko‘rinib turibdiki, har bir davlatda sog‘liqni saqlash tizimining o‘ziga xos jihatlari bor. O‘zbekistonda esa rivojlangan davlatlar tajribasi asosida Davlat tibbiy sug‘urtasi modeli tanlangan. Bu tizimning afzalligi shundaki, aholi mablag‘ (badal) to‘lashi ko‘zda tutilmagan va majburiylik xarakteriga ega emas. Tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi aholini sog‘lomlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va oldini olishga qaratilgan tizim bo‘lib, aholini ijtimoiy himoyalash, tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi. Bunda Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabr dagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini tajriba-sinov tariqasida joriy etishda bir qator yutuqlarga erishildi. Eng avvalo, ushbu tizim uchun tibbiyot muassasalarini to‘liq axborotlashtirish talab etilgani sababli raqamlashtirish yo‘lga qo‘yilib, aholining elektron ro‘yxati va bemorlarning ma’lumotlar bazasi yaratildi. Tizimdagi poliklinika va shifoxonalarni milliy yagona axborot tizimiga ulash, o‘zaro axborot almashinuvini ta’minlashga erishilmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonida Sirdaryo viloyatida ilk bor reimbursasiya dasturi amaliyotga tatbiq etilgan. Bunda surunkali kasalliklardan gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning ikkinchi turi, bronxial astma, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi bilan dispanser nazoratida turgan bemorlarni muntazam va bepul dori vositalari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.
Qiyoslash uchun aytadigan bo‘lsak, ilgari surunkali bemorlar ro‘yxatga olinib, davolanish buyurilgan va nazoratga olingan. Afsuski, hamma bemor ham dori-darmonni o‘z vaqtida, qabul qilmagani sababli ularda turli asoratlar paydo bo‘lgan. Endilikda bemorlar dorixonadan elektron resept asosida dori vositalarini bepul olmoqda. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi esa dorixonalarga berilgan dori qiymatini referent narxlar asosida qoplab bermoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish hamda aholining barcha qatlamini sifatli tibbiy yordam bilan qamrab olish maqsadi qo‘yilgan edi. Shunga ko‘ra, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib qilish, profilaktika va skrining amaliyotlari sifatini oshirish, oilaviy shifokorlar vakolatini kengaytirishga e’tibor qaratildi. Oilaviy shifokor bemorlarga tor soha mutaxassislari ko‘rigidan o‘tishi va davolanishga muhtoj bemorlarga shifoxonada davolanishi uchun yo‘llanma berishi yo‘lga qo‘yildi.
Amalga oshirilgan izchil chora- tadbirlar natijasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar kamaydi. Shifoxonalarga yo‘llanma asosida murojaat 45 foizdan 85 foizga oshib, bemorlarni asossiz yotqizish 45 foizdan 20 foizga kamaydi. Tor soha mutaxassislariga murojaatlar 16 foizga kamaygani holda, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari kunduzgi shifoxonalarida davolanganlar soni 75 foizga oshgani islohotlarning ijobiy jihatlarini o‘zida aks ettiradi.
Jamg‘arma tibbiy xizmatlar xaridi orqali tibbiyot muassasalarini bir satrda moliyalashtirmoqda. Bu uchun mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘lar konsolidasiya qilinib, tibbiyot muassasalariga shu mablag‘lardan erkin foydalanish vakolati berildi. Yil oxirida tibbiyot tashkilotlarining g‘azna hisobvaraqlarida foydalanilmay qolgan mablag‘lar qaytarib olinmaydi va ular tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, tibbiyot muassasasini rivojlantirish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun ishlatilishi mumkin.
Yangi tizimning yana bir ijobiy jihati davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni vujudga keltirishidir. Bu bilan davlat har bir fuqaroga o‘zi xohlagan klinikada davolanish, istagan shifokoridan tibbiy maslahat olishi uchun imkoniyat yaratmoqda. Zero, aholi uchun ishlab chiqilayotgan elektron dasturlar orqali kasallik bo‘yicha qaysi shifo maskaniga murojaat qilish, shifokor qabuliga yozilish, buyurilgan dorilarni topish kabi masalalarga ham oson yechim topiladi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlardan, yaratiladigan qulayliklardan aholi beminnat bahramand bo‘ladi. Bundan tashqari, bemorlar uzoq viloyatlardan katta mablag‘ sarflab poytaxtga kelib, sarson bo‘lishining oldi olinmoqda. Erishilgan natijalarga asos lanib, davlat tibbiy sug‘urtasini boshqa hududlarga joriy etish uchun tayyorgarliklar boshlangan.
Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “...Ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tishni tezlashtiramiz. 2023-yildan bu tizim Toshkent shahrida boshlanadi. Bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi”, deya ta’kidlagan edi.
Hozirda poytaxtning o‘ziga xos jihatlari hisobga olinib, tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish, lokal tarmoqqa ulash, tibbiy hujjatlar elektron aylanishini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy moliyalashtirish masalalari hamda reimbursasiya das turini amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, boshqa hududlarda ham natijaga asoslangan moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, reimbursasiya tizimidagi dori vositalari ro‘yxatini kengaytirish ishlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mamlakatimizda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmini joriy etish yangi tahrirdagi Konstitusiyada mustahkamlanayotgani fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, ularning malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun huquqiy asos va kafolat bo‘lib xizmat qiladi. Aslida ham inson qadri va xalq manfaati ulug‘lanadigan yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir islohotda aholi ehtiyojlari hisobga olinmoqda.