Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari tomonidan Oʻzbekistonda 2030-yilgacha boʻlgan davr uchun kutilayotgan aholi soni prognoz qilindi va buning ijtimoiy sohaga taʼsiri oʻrganildi.

— 2030-yilgacha boʻlgan davrda har yili oʻrta hisobda 900-950 ming goʻdakning dunyoga kelishi kutilmoqda.
— Bir ayolga toʻgʻri keladigan bolalar soni 3,17 ni tashkil etadi.
— 2030-yilga borganda mamlakat aholisi 41 million kishidan oshishi kutilmoqda.
— 3-6 yosh oraligʻidagi bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalari bilan qamrab olish darajasi 81% boʻlishi kutilayapti va buning uchun maktabgacha taʼlim muassasalarida 1 million 400 ming nafar bola uchun yangi oʻrinlar tashkil etish zarur.
— Prognozlarga koʻra, oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 50% ga yetadi va bunda OTMlarning hozirgi salohiyatini 8 yil ichida 1,5-1,8-marta oshirish talab etiladi.

— 2030-yilgacha ambulatoriya-poliklinika muassasalari sonini 7041 taga yetkazish lozim (2021-yilda 6676 ta).

Mamlakatimizda tugʻilish darajasining nima sababdan yuqori ekanligini aniqlash maqsadida PMTI tomonidan 2022-yilning sentyabr va oktyabr oylarida soʻrov oʻtkazildi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 25-45 yosh oraligʻida boʻlgan va 3 nafar va undan koʻp farzandlari bor 200 nafar ayol ishtirok etdi (N=200).

Soʻrov natijalariga koʻra, quyidagilar maʼlum boʻldi:
— Salomatligi (43,8%) va oilaviy sharoitining yaxshilanishi (47,9%) farzand koʻrishga qaror qilishdagi asosiy sabablardir.
— Oilalarning 36,2% i yana bir farzand koʻrish, 19,0% i oʻgʻil farzandli boʻlish, 14,3% i esa qiz farzandli boʻlish istagini bildirdi. Oilalarning 33,4% da goʻdak rejalashtirilmagan holda dunyoga kelgan.

Ekonometrik tahlil natijalariga koʻra, real daromadning aholi jon boshiga ulushi oshayotgani, ayollar orasidagi ishsizlik Oʻzbekistonda tugʻilishga taʼsir etuvchi omillar ekanligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, ayollarni oliy taʼlim bilan va bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasining oshishi tugʻilish darajasining pasayishiga olib kelishi maʼlum boʻldi.