Аholi soxta SES xodimlaridan ehtiyot boʼlishga chaqirilmoqda

    Toshkent shahrining Mirobod tumanida nomaʼlum ayollar oʼzini SES xodimi deb tanishtirib, dori sotib yurgani aniqlangan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati holat yuzasidan munosabat bildirib, aholini soxta SES xodimlaridan ehtiyot boʼlishga chaqirdi.

    Taʼkidlanishicha, soxta SES xodimlari firibgarlik yoʼli bilan kelib chiqishi nomaʼlum dorilarni sotmoqda. Videoda koʼrsatilgan “soxta SES xodimlari” Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar Dezinfektsiya stantsiyasi va tuman hududiy boʼlimlarida faoliyat yuritmasligi maʼlum qilingan.

    "Yuqoridagi koʼngilsiz holatga duch kelsangiz, avvalo zararsizlantiruvchi vosita sotayotgan fuqarolardan xizmat guvohnomasi, qaysi tashkilot yoki boshqarmada faoliyat yuritishi, zararsizlantiruvchi vosita sotishi va sotib olishingizga asos soʼrashga haqli ekanligingizni unutmang. Siz talab qilgan maʼlumotlar berishdan boʼyin tovlagan firibgarlarga aldanib qolmang", deyiladi xabarda.

    Shuningdek, fuqarolardan yuqoridagi vaj asosida ushbu shaxslar murojaat qilganda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 78 8880101 (050) Ishonch telefoni, Toshkent shahar boshqarmasining 71 248-12-43 telefon raqami yoki Toshkent shahar IIB va hududiy boʼlimlariga zudlik bilan xabar berishlari soʼralgan.