Sirdaryo tumani markazidan 15 kilometr olisda joylashgan Baxt shaharchasida Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan olib borilgan mahallabay oʻrganishlar, fuqarolar bilan suhbatlar aynan shu hududda “Baxt” filialini tashkil etish uchun asos boʻldi.

Endi Baxt shaharchasining Orzu, Ahillik, Beshbuloq, Turkiston, Yangiobod, Navoiy, Dehqonobod va Istiqbol kabi mahalla fuqarolar yigʻinlarining 33 ming nafarga yaqin aholisi Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun tuman markaziga qatnab ovora boʻlmaydi.

Ayni paytda viloyatdagi Davlat xizmatlari markazlarining 5 ta filiali haftaning 2 kunida faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, yangi tashkil etilayotgan “Baxt” filiali haftaning 6 kuni davomida toʻliq faoliyat koʻrsatadi. Ikki nafar xodim filialga tashrif buyuruvchilarga istalgan turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatadi.

Darhaqiqat, katta oʻzbek trakti M-34 yoʻlining chetida joylashgan ushbu hududida koʻpchilik yaxshi biladigan Baxt bozori joylashgan. Filialning aynan bozorga yaqin hududda joylashgani esa bozorga kelgan aholiga biryoʻla zarur davlat xizmatlaridan foydalana olishdek qulaylikni yaratib beradi.

                                                                 DXA Sirdaryo viloyat boshqarmasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi