Farmonga koʻra, 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 million nafar aholini kambagʻallikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.

Kambagʻallikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va toʻplangan milliy tajriba hamda ilgʻor xalqaro amaliyot asosida har bir fuqaroni oʻzi va farzandlari kelajagi uchun masʼuliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi hamda dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.

Dastur 2024-yil 1-noyabrdan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi:

  • barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish;
  • taʼlim olish va kasb-hunar oʻrganish;
  • kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish;
  • ijtimoiy xizmatlardan foydalanish;
  • yashash sharoitlarini yaxshilash;
  • davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish;
  • davlat organlari xodimlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish.