Odatda bu kabi statistik maʼlumot­lar odamlar uchun qiziq boʻlibgina qolmay, muayyan davrga oid qaydlar, demografik va boshqa koʻrsatkichlarning umumiy manzarasi­ni koʻrsatib beradigan asosiy omildir.

Statistik raqamlar aniq va shaffof boʻlishi kerak. Buning uchun qadimdan tur­li usullardan foydalanib kelingan, ammo ularning hammasi ham ishonchli manbalar­ni yarata olmagan. Bu davrlar, turli siyosiy vaziyatlar, tarixiy noaniqliklar, sharoit va imkoniyatlar kabi qator omillar bi­lan bogʻliq. Ammo bugun eng zamonaviy, ra­qamlashgan texnologiyalar asrida yashayapmiz. Demak, statistikani ham aniq maʼlumotlar asosida shakllantirish uchun imkoniyatlar yetarli. Keyingi yillarda yurtimizda bu na­faqat odamlarning statistik raqamlarga ishonchini oshirish, balki mamlakat taraq­qiyoti, aholi farovonligini taʼminlashning muhim shartlaridan biriga aylandi.

Joriy yil boshida Oʻzbekiston tarixida ilk bor oʻtkazilgan aholi va qishloq xoʻja­ligini roʻyxatga olish umummilliy tadbiri ham shu jihatdan yurtdoshlarimiz orasida katta qiziqish uygʻotdi. Davlatimiz rahba­rining tegishli farmoni bilan joriy yil­ning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar davom etgan mazkur tadbir bir yarim oy davomida mamlakatimiz hayotidagi tarixiy hamda mu­him voqelik sifatida diqqatimiz markazida boʻldi. Yurtdoshlarimiz unda faol ishtirok etib, jarayonlarga kutilganidan koʻra yuqori qiziqish bildirgani, roʻyxatdan oʻtish talab­lariga jiddiy va masʼuliyat bilan yondashga­niga guvoh boʻldik.

Aholi va qishloq xoʻjaligi ikki bosqich­da — onlayn hamda tegishli xodimlar uyma- uy yurgan holda roʻyxatga olindi. Avvaliga hamyurtlarimiz 15-31-yanvar kunlari census. stat.uz maxsus axborot tizimi orqali onlayn roʻyxatdan oʻtdi. Natijalarga koʻra, atigi 17 kunda mamlakatimizdagi jami xonadon­larning 82,3 foizida istiqomat qiluvchi 30 milliondan ortiq kishi onlayn roʻyxatdan oʻtgan va bu MDH davlatlari orasida oʻziga xos rekord koʻrsatkichdir.

Roʻyxatga olishning ikkinchi bosqichi esa 4-fevraldan 28-fevralga qadar anʼanaviy, yaʼni xonadonma-xonadon yurib maʼlumot toʻplash tarzida davom etdi. Bunda asosiy eʼtibor onlayn bosqichda ishtirok etmagan yoki qoʻshimcha aniqlashtirish talab etilgan xonadonlarga qaratilgan. Roʻyxatga oluvchi­ lar har bir xonadonga kirib, tegishli maʼ­lumotlarni maxsus planshetlar orqali yagona elektron tizimga kiritib bordi.

Ochigʻi, bir yarim oy davomida roʻyxatga olish tadbirlari xalqimiz eʼtibori mar­kazida turdi. Qiziqish yuqori ekani oʻzaro muhokamalar, internet platformalari or­qali bildirilgan fikrlar, qator savollar­da ham koʻzga tashlandi. Mazkur savollarga mutasaddilar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platforma­larda muntazam javob berib bordi. Tadbir­larni oʻtkazishdagi ochiqlik va shaffoflik esa odamlarning jarayonlarga daxldorlik hissini yanada oshirdi. Umuman, yurtimizda ilk bor bunday yirik formatda, jahon stan­dartlari asosida oʻtkazilgan roʻyxatga olish tadbirlarini keng jamoatchilik, mahalliy va xorijlik mutaxassislar, xalqaro omma­viy axborot vositalari vakillari hamda ekspertlar faol kuzatib bordi.

Shu yil 28-fevral kuni aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayoni rasman yakunlandi. Endi uning natijalari, keyingi jarayonlar ham koʻpchilikni qiziqtirmoqda.

— Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, aho­li va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish umummilliy tadbirida jami 8,3 million xonadonda yashovchi aholi toʻliq qamrab olindi, — deydi Milliy statistika qoʻ­mitasi matbuot xizmati rahbari Usmon Ab­durasulov. — Bu jarayonda qoʻshimcha turar joy obyektlari, jumladan, yangi qurilgan uy-joylar aniqlandi. Ammo ayrim holat­larda xonadon aʼzolarining vaqtincha xo­rijda boʻlishi yoki boshqa obyektiv sabab­lar tufayli uyda boʻlmasligi natijasida kam sonli fuqarolar roʻyxatga olishda ish­tirok eta olmagan boʻlishi mumkin. Ushbu fuqarolar aholini roʻyxatga olish boʻyicha tashkil etilgan koll-markazining 1851 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilishi lozim. Qayta oʻrganishga masʼul statistika organi xodimlari ularning xonadoniga borib, roʻy­xatga oladi. Bunday holatlar xalqaro ama­liyotda ham uchraydi va umumiy natijalar­ning ishonchliligiga taʼsir koʻrsatmaydi.

Aytish joizki, aholi va qishloq xoʻja­ligini roʻyxatga olish Oʻzbekiston tarixida toʻliq raqamlashtirilgan, zamonaviy axbo­rot texnologiyalari asosida tashkil etilgan va qamrovi boʻyicha eng yirik tadbirlardan biri boʻldi. Jarayon toʻliq raqamli tizim asosida amalga oshirilib, inson omilini kamaytiruvchi avtomatik nazorat mexanizm­laridan foydalanildi.

Endi maʼlumotlarning aniqligi va si­fatini baholash maqsadida roʻyxatga olish natijalari qayta oʻrganiladi. Bu xalqaro tavsiyalarda koʻrsatilgan boʻlib, mart oyi davomida tasodifiy tanlab olingan xo­nadonlarga mutaxassislar qayta boradi. Odatda bunday qayta tekshiruvlar umumiy qamrovning oʻrtacha 5-10 foizi doirasi­da boʻladi. Bizda ham 10 foizgacha qamrov asosida qayta oʻrganish rejalashtirilgan. Odamlar buni toʻgʻri tushunishi, xonadon­larga boradigan xodimlar qayta beradi­gan qisqa savollarga javob berishlarini soʻraymiz. Chunki roʻyxatga olish jarayoni nihoyatda jiddiy boʻlib, undagi har bir maʼlumot aniq hamda toʻgʻri boʻlishiga eʼtibor qaratilyapti. Buning uchun katta kuch, harakat va resurslar yoʻnaltirilga­ni holda, aniq statistik maʼlumotlarni shakllantirish zarur.

Raqamlar farqlanishi mumkinmi?

— Roʻyxatga olish umummilliy tadbir va qamrov ham shunga yarasha bu — Oʻzbekiston­ning 38 milliondan ortiq fuqarosi hamda ularga tegishli mol-mulk, qishloq xoʻja­ligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar degani. Bu qoʻlimizga telefon qurilmasini olib, soʻ­rovnomadagi savollarga istalgan raqamlar­ni kiritib yuborganimiz bilan bitadigan ish emas. Har bir raqam aniq, tekshirilgan, bir-birini inkor etmaydigan boʻlishi kerak. Bunda shoshma-shosharlik ish bermasligini oʻzimiz ham bilamiz, kerak boʻlsa, shuni talab qilamiz. Roʻyxatga olish bir necha bosqichni qamrab olgani, maʼlumotlar qayta tekshiri­lib, tahlil qilinishi boisi shunda, — dey­di Usmon Abdurasulov.

Birgina misol: jarayonning ikkinchi bosqichida aholi onlayn toʻldirgan soʻrovno­maning koʻpida xatoliklar aniqlanib, tuza­tishlar kiritilgan. Tanishlarimdan biri­ning aytishicha, onlayn roʻyxatdan oʻtganida amaliyot yakunlangan, ammo boshqalarnikidan farqli tarzda ekranda ism-familiyasi koʻr­satilmagan. Keyinroq uyiga kelgan mahalla xodimi bu holat soʻrovnomani notoʻgʻri toʻl­dirgani, ayrim maʼlumotlar chiqarib yubo­rilgani, ayrimlari esa xato kiritilgani bilan bogʻliqligini aytgan. Qoʻlidagi plan­shet orqali bir necha daqiqada uning maʼlu­motlarini qayta kiritib, roʻyxatdan oʻtish jarayonini toʻliq yakunlab bergan.

Gap shundaki, tanishimning avval onlayn roʻyxatdan oʻtgani ishni osonlashtirgan. Chunki maʼlumotlarni boshidan kiritgan­dan koʻra, xatolarning oʻzinigina tuzatish xodimga ham oson kechgan. Qolaversa, uning roʻyxatdan oʻtishi butun oilasi uchun yetarli boʻlib, xonadonning boshqa aʼzolari bezovta qilinmadi. Boisi, ular haqidagi maʼlumot­lar ham bir shaxs orqali parallel tarzda kiritilgan.

Yaʼni roʻyxatga olish jarayoni birdan anʼanaviy tarzda emas, avval onlayn amalga oshirilgani shu jihatdan qulaylik boʻlgan. Qolaversa, jarayon odamlar uchun qiyinchilik tugʻdirmadi, xodimlarning oʻzi xonadonlarga borib, roʻyxatga oldi. Bunga koʻp vaqt ham ke­rak boʻlmadi. Ammo birgina ana shu harakat orqali yurtimiz hayotidagi katta va muhim jarayonda ishtirok etib, eng toʻgʻri statistik maʼlumotlar toʻplanishiga hissa qoʻshayotga­nimizni his qilamiz. Axir, roʻyxatga olish bu — amalda mamlakat hududida yashab turgan aholini toʻgʻridan toʻgʻri hisobga olish boʻlib, demografik hisob-kitoblarni aniqlashti­rishga xizmat qiladi va kelgusi yillar uchun ishonchli statistik bazani yaratadi.

Toʻgʻri, shu vaqtga qadar ham mamlakati­mizda aholi soni statistikasi eʼlon qilib borilgan, ammo u eskicha usullarda hisoblan­gan. Demak, hozirgi roʻyxatga olish natijasi­da bu raqamlar oʻzgarishi va avvalgi rasmiy maʼlumotlardan farq qilishi ham mumkin.

— Mustaqillik yillarida aholi soni toʻliq roʻyxatga olish orqali emas, balki de­mografik hisob-kitob usuli asosida aniq­lab kelingan, — deydi Milliy statistika qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Zoyir Yoʻl­doshev. — Bunda asos sifatida 1989-yilgi soʻnggi roʻyxatga olish natijalarida aniq­langan 19,7 million fuqaro soni qabul qi­lingan. Keyingi yillarda 1989-yili qayd etilgan 19,7 million kishi soni demogra­fik balans usuli asosida yangilab borilgan. Yaʼni har yili tugʻilganlar soni qoʻshilgan, vafot etganlar soni ayirilgan, xorijdan doimiy yashash uchun koʻchib kelganlar qoʻshil­gan hamda mamlakatdan doimiy yashash uchun chiqib ketganlar soni ayirib borilgan. Shu tartibda aholining joriy soni har yili yangilab kelingan va 2026-yil 1-yanvar ho­latiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 38 million 236 ming 704 kishini tashkil etgan.

Roʻyxatga olish natijasida aholi yoki chorva soni rasmiy joriy maʼlumotlardan muayyan darajada farq qilishi mumkin. Bu — tabiiy holat. Chunki shu vaqtgacha aholi soni demografik hisob-kitoblar asosida, chorva soni asosan hisobot topshirish or­qali shakllantirilgan. Roʻyxatga olish esa amaldagi holatni manzilga chiqib, bevosita hisobga olish jarayoni boʻlib, avvalgi baho­lashlar bilan real natijalar oʻrtasida farq kuzatilishi ehtimoli mavjud. Bu faqat Oʻz­bekistonga xos emas, xorij tajribasida ham roʻyxatga olishdan keyin ayrim hududlarda aholi soni kutilgandan kam yoki koʻp chiqqan holatlar uchraydi. Ammo roʻyxatga olishdan maqsad raqamni oʻzgartirish emas, balki uni aniqlashtirishdir.

Dastlabki statistika iyulga qadar chiqariladi

Shunday qilib, uzoq tayyorgarlik koʻrilgan va yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ku­tib olgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻy­xatga olish tadbiri faollik bilan oʻtkazildi va fevral soʻngida rasman yakunlandi. Odam­lar esa olingan statistik maʼlumotlar bir­dan eʼlon qilinishini kuta boshladi. Ammo mutasaddilar qayta oʻrganish, barcha maʼlu­motlar yigʻilgandan keyin ularni qayta ish­lash, tekshirish va tahlil qilish muayyan mud­dat talab etishini bildirdi. Maʼlumotlarga koʻra, ayrim xorijiy davlatlar tajribasida roʻyxatga olish natijalari 2-3 yil mobaynida qayta ishlanib, shundan keyin bosqichma-bos­qich eʼlon qilingan. Biroq bizda bu jarayon uzoqqa choʻzilmasligi aytilmoqda.

— Bizda maʼlumotlarni kiritish jarayo­nining oʻzidayoq mantiqiy nazorat mexanizmi joriy etilgani, yaʼni real vaqt rejimida ogohlantirishlar orqali xato va kamchiliklar darhol tuzatib borilayotgani maʼlumotlarni qayta ishlashni sezilarli darajada tezlash­tiradi, — deydi Usmon Abdurasulov. — Ho­zir onlayn va uyma-uy yurib yigʻilgan maʼlu­motlar yagona bazada jamlanmoqda, texnik va mantiqiy tekshiruvdan oʻtkazilyapti. Shuning­dek, nomuvofiqlik holatlari boʻyicha qoʻshim­cha tahlillar amalga oshirilmoqda. Dastlabki natijalar joriy yilning 1-iyuliga qadar, yakuniy va toʻliq tahlil qilingan rasmiy maʼ­lumotlar esa 2027-yil 1-iyulga qadar eʼlon qilinishi rejalashtirilgan. Bu raqamlar shunchaki yigʻilgan maʼlumot emas, balki bir necha bosqichli tekshiruvdan oʻtgan, aniqlash­tirilgan va rasmiy tasdiqlangan ishonchli natijalar boʻladi.

Yaʼni har birimiz haqimizdagi maʼlu­motlar asosida mamlakatimizning umumiy statistikasi shakllantiriladi. Bu qancha­lik katta baza ekani, undagi har bir raqam muhimligini tasavvur qilish qiyin emas. Boshqa jihatdan, bu maʼlumotlarni xavfsiz saqlash ham jiddiy masala ekanini yaxshi tu­shunamiz.

Mutasaddilarning izohlashicha, fuqaro­lar taqdim etgan barcha maʼlumot amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi. Shaxsiy maʼlumotlar maxfiy saqlanib, fa­qat umumlashtirilgan statistik koʻrinish­da ishlatiladi. Ularni saqlashda ham barcha choralar koʻrilgan. Axborot tizimi yuqori ishonchli va zaxiralangan maʼlumotlarni qayta ishlash markazida joylashtirilgan boʻlib, milliy sertifikatga ega kriptomo­dul orqali maʼlumotlar shifrlangan holda saqlanadi. Statistik qayta ishlashdan oldin maʼlumotlar shaxssizlantirilishi, yaʼni umumlashtirilgan koʻrinishga keltirilib, muayyan fuqaroni aniqlash imkoniyati toʻliq cheklanishi aytilmoqda.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri